Главная » 2022 » Ноябрь » 30 » Dunyodagi eng xavfli jonivorlar haqida bilasizmi?
18:53

Dunyodagi eng xavfli jonivorlar haqida bilasizmi?


Bilasizki, zaharli jonivorlar oʻz turdoshlari bilan bir qatorda insonlarga ham katta xavf tugʻdirishi mumkin. Shu sababli dunyodagi eng zaharli jonivorlar qaysi ekanligi va ularning zahri qanchalar kuchli boʻlishini bilib olish hech kimga zarar qilmaydi. Tushunganingizdek, bugungi maqolamiz aynan shu haqida!

Braziliya sayyor oʻrgimchagi

Braziliya sayyor oʻrgimchagining ikkinchi nomi Banan oʻrgimchagi boʻlib, u dunyodagi eng zaharli oʻrgimchaklardan biri sanaladi.
Bu turdagi oʻrgimchaklar Janubiy Amerikaning tropik oʻrmonlarida keng tarqalgan. Oʻrgimchaklarning kattaligi 15 santimetrgacha boʻlishi mumkin. Ular tun paytida junglilar boʻylab ovqat izlagancha sayr qilib yurishadi. Kunduz kuni esa insonlarga tegishli boʻlgan turarjoylarning issiq va nam hududlariga yashirinib olishadi. Uning chaqishi ogʻriq bilan kechadi, zahri tarkibida neytrotoksin mavjud boʻlib, bu mushaklar ustidan nazoratning yoʻqolishi va nafas olishning qiyinlashishiga olib keladi. Ayrim holatlarda buning oqibati shollik hamda boʻgʻilish bilan yakun topishi ham mumkin. Qizigʻi shundaki, sayyor oʻrgimchaklar insonni chaqqanida hamisha ham oʻz zahrini sochavermaydi. Aytishlarida, bu kabi ehtimol 30 foiz holatlardagina toʻgʻri chiqadi
 

Oʻrta Osiyo kobrasi

Oʻrta Osiyo kobrasining qanchalar zaharli ekanligini oʻzingiz ham taxmin qilgan boʻlsangiz kerak. Ushbu ilon turini Hindistonning shimoli-gʻarbiy hududlari, Pokiston, Afgʻoniston hamda Eronning shimoli-sharqiy qismida uchratish mumkin.

Kobra zahri haddan tashqari kuchlidir. U insonni chaqqandan keyin jabrlanuvchi bir zum ichida soʻlgʻin holatga keladi, oradan bir muddat oʻtib esa tana talvasaga tushishni boshlaydi, nafas olishi tezlashadi. Kerakli yordam zudlik bilan koʻrsatilmaydigan boʻlsa oʻlim holati oradan bir necha daqiqa oʻtgach, nafas olish yoʻllari falajligi oqibatida roʻy beradi.
Zahar tarkibidagi eng dahshatli modda neyrotoksin-2 boʻlib, uning kichik miqdordagi dozasi – inson tanasining har bir kilogramm vazni uchun 0,085000 milligramdan sanaladi. Xayriyatki, ushbu ilon zahriga qarshi ishlaydigan maxsus vositalar allaqachon yaratilgan.


Koʻk rangli otsimon sakkizoyoq

Zahrining xavflilik darajasi boʻyicha navbatdagi oʻrinni haqli ravishda koʻk rangli otsimon sakkizoyoq egallaydi.

U odatda Avstraliya va Filippinning sohil boʻyi suvlarida, bundan tashqari Indoneziya va Yangi Gvineyada koʻzga tashlanadi. Uni riflar bilan bir qatorda sohilning oʻzida ham uchratib qolish mumkin. Ushbu mollyuskaning ogʻirligi 10 grammdan 100 grammga qadar yetadi.
Jonivorning zahri tarkibida tetrodotoksin mavjud. Ushbu modda sakkizoyoqning oʻzi emas, uning ichida yashaydigan bakteriyalar tomonidan ishlab chiqariladi. Zahar natriy kanallarini bloklab qoʻyadi, oqibatda mushaklar falajligi kuzatiladi.

Nafas mushaklari asta-sekin oʻz ishini toʻxtadi, buning oqibati esa yurak faoliyati yakunlanadi. Ayrim paytlarda jabrlanuvchi oʻzini oʻlgan odam kabi his qiladi, sababi u atrofidagi barcha hodisalarni anglab turgan boʻla ham, ularga nisbatan javob qaytara olmaydi. Ammo falaj boʻlgan inson sunʼiy nafas yordamida bir muddat ushlab turilsa, oradan vaqt oʻtib, tetrodotoksin neyrallashadi.


Konus shilliqurti

Bu turdagi mollyuskalar odatda Avstraliyaning sharqiy va shimoliy sohillarida hayot kechiradi. Bundan tashqari, uni Osiyoning janubi-sharqiy qismi va Xitoyda ham uchratish mumkin. Konuslar haddan tashqari faol boʻlib, ularni juda koʻp holatlarda insonlar uchratib qolishadi. Konusning toksik apparati zahar bezlaridan iborat, ular butun tana boʻylab taqsimlab chiqilgan. Chigʻanoq uchidagi oʻtkir tikanlar mollyuska uchun tishlar vazifasini oʻtaydi. Agar uning chigʻanogʻini qoʻlga oladigan boʻlsangiz konus darhol harakatga kelib, tanasidagi tikanlarni tashqariga chiqaradi. Konus zahrining tarkibi juda ham murakkab. Bu yerdagi asosiy modda nomi alfakanatoksin boʻlib, tana vaznining har bir kilogrammi uchun 0,012000 milligramm miqdordagi dozasi oʻlimga sabab boʻladi. Mollyuska zahriga qarshi ishlaydigan vosita hali ixtiro qilinmagan. Uning eng zaharli jonivorlardan biri deya atalishi bejizga emas.
Bu borada koʻrilishi mumkin boʻlgan yagona chora jarohat joyidagi qonni tashqariga chiqarib yuborish sanaladi.


Sariq chayon

Uning uzunligi odatda 10-12 santimetrga teng boʻlib, jonivor 5 yilgacha umr koʻradi. Shu kungacha ushbu tur bilan bogʻliq 80 ta jiddiy zaharlanish holati qayd etilgan. Ularning chaqishi oqibatida esa 95 ta oʻlim holati yuzaga kelgan. Tajovuzkor mavjudotning chaqishi bir necha soniya ichida insonni oʻldirib qoʻyishi mumkin. Uning zahri chayonning nish qismida joylashgan ikkita katta bez tomonidan ishlab chiqariladi. Tashqi tomondan u dum sohasida joylashgan uchli tikanni yodga soladi. Zaharning eng kuchli tarkibiy moddasi Tekutoksin boʻlib, uning minimal darajadagi – 0,9000 milligrammi insonning boshiga yetishi mumkin.
Chayonning zahriga qarshi antitoksik zardob qoʻllasa boʻladi.

 

Fugu baligʻi

Navbatdagi oʻrin esa haqli ravishda Fugu baliqlariga tegishli. Uning yashash manzili Avstraliya, Yaponiya va Xitoy sanaladi. Bundan tashqari fuguni okeanning sharqiy tomonlarida ham uchratish mumkin. Zaharning asosiy tarkibiy moddasi tetrodotoksin hisoblanadi. Inson tanasi ogʻirligining har bir kilogrammi uchun hisoblangan minimal darajadagi 0,008 milligramm zahar uni oʻldirishga qodir. Zahar neytrotoksinlar sirasiga kiradi, shu sababli organizmga tushishi bilan asab uchlaridagi natriy kanallarini yopib qoʻyadi.

Fugu zahri bilan zaharlanish 60 foiz holatlarda oʻlim bilan yakunlanadi. Shunga qaramasdan yaponlar va koreyslar fuguni tansiq taom sifatida isteʼmol qiladilar, uning goʻshti lazzatidan bahramand boʻlish uchun oʻz hayotlarini xavf ostida qoʻyishadi.

Fuguning zahriga qarshi ishlaydigan biror vosita mavjud emas. Zaharlanish holatida bemorga faqatgina simptomatik davolash kursi yordam beradi.
 

Avstraliya taypani

Taypan – dunyodagi eng zaharli ilon hisoblanadi. Xayriyatki, u oʻta tajovuzkor jonivorlar sirasiga kirmaydi. Bundan tashqari uni yovvoyi tabiat sharoitida, odamning qarshisidan chiqib qolishi ham kamdan-kam holatlarda sodir boʻladi. Ilondan bir martada ajralib chiqadigan zahar miqdori 100 ta odam yoki 250 ta sichqonni oʻldirish uchun yetarlidir. Taypan zahrining toksikligi kobra zahridan 50 marta kuchliroq sanaladi.

Taypan chaqqan paytda nafas mushaklari falajligi yuzaga keladi va qon aylanishi buziladi. Zaharning asosiy tarkibiy qismi taypotoksin boʻlib, inson tanasining har bir kilogrammi uchun minimal sanalgan 0,2000 milligramm miqdori oʻlim holatiga olib keladi. Agar ilon chaqqanidan keyin zudlik bilan maxsus zardob qoʻllanilmasa, bemor darhol oʻladi. Taypan chaqishi bilan bogʻliq holatlarning 90 foizi aynan shunday yakun topadi.

Daraxt qurbaqasi

Kuchli uchtalikni daraxt qurbaqasi ochib beradi. Uning uzunligi odatda 5 santimetrga qadar boʻlishi mumkin. Tanasi yorqin ranglar bilan qoplangan. Agar Janubiy Amerika, Nikaragua yoki Kolumbiya tomonlarga yoʻlingiz tushsa, hech qachon qurbaqalarni ushlab koʻrishga urinmang. Qurbaqaning terisidan ajralib chiqadigan batraxotoksin moddasi shunchalar zaharli boʻladiki, inson tanasiga tushishi bilan uni oʻldiradi. Zahar kuchli kardio toksik taʼsirga ega. U yurakda fibrillyatsiya hodisasini yuzaga keltirib, miokardni shol qiladi. Bundan tashqari nafas mushaklari ham falaj holatga keladi. Ammo hammasi shuning oʻzi bilan yakunlanmaydi. Ushbu zaharning dahshatli sifatlari juda koʻp. U sianli kaliydan 1000 marta kuchliroqdir. Katta yoshli qurbaqa oʻz tanasida 1500 ta odamni oʻldirish uchun yetadigan zahar miqdorini saqlaydi. Tana vaznining har bir kilogrammi uchun minimal darajadagi dozasi 0,002 milligrammni tashkil qiladi. Uning zahriga qarshi ishlaydigan hech qanday vosita mavjud emas.

 

Yaproq qoʻngʻizi lichinkasi

Yaproq qoʻngʻizi lichinkasi janubiy Afrika hududlarida uchraydi va oddiy Kolorado qoʻngʻizlarining uzoq qarindoshi sanaladi.

Ushbu lichinka ovchilarning eng asosiy yordamchilaridan biridir, sababi tuyilgan lichinkaning kukuni surtilgan oʻq bilan katta yoshli jirafani yerga agʻdarish mumkin ekan.

Giamtoksin nomli modda lichinkalar qoni tarkibida mavjud boʻlib, sayyoramizdagi eng kuchli tabiiy zahar hisoblanadi.

U neyrotoksik effektga ega, qisqa vaqt davomida inson tanasidagi gemoglobin koʻrsatkichini 75 foizga tushirib yuboradi.

Bu eritrosidlarning ommaviy tarzda zararlanishi oqibati. Zaharning minimal dozasi inson tanasi vaznining har bir kilogrammiga 0,2410000 milligramm miqdorida toʻgʻri keladi.

Unga qarshi taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan hech qanday vosita mavjud emas.

 

Kubameduza

Mutaxassislar dunyodagi eng zaharli mavjudot deya Kubameduzani tan oladilar. Uni koʻp hollarda “Dengiz arisi” deya atashlari ham mumkin. Kubameduza zahri teri toʻqimalari, asab tizimi va yurakni jiddiy zararlaydi. Buning hisobiga Osiyo va Avstraliyada yashovchi kubameduzalar oxirgi 60 yil ichida 6000 nafar insonning oʻlimiga sababchi boʻlishdi.

Toksik zahar oʻlim darajasi boʻyicha dunyoda birinchi oʻrinda turadi. Kubameduzaning chaqishi shunchalar qattiq ogʻriqni keltirib chiqaradiki, inson shok holatiga tushib, zahardan emas, kutilmagan hujum tufayli yurak yetishmovchiligidan oʻlgan holatlar ham qayd qilingan. Yashab qolganlar esa bir necha hafta davomida oʻta kuchli ogʻriq sezadilar, birinchi kunlardagi ogʻriq shunchalar qattiq boʻlganidan jabrlanuvchilar oʻlimni afzalroq bilishar ekan.


Manba: "xabardor.uz"
Категория: Qiziqarli | | Теги: eng, Bilasizmi?, jonivorlar, haqida, dunyodagi, xavfli | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя