17:22 Namanganda talaba xotinini o‘ldirib, o‘zini ham pichoqlagan erkakning holati haqida maʼlumot berildi | |
6-may kuni soat 12:00 da To‘raqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaro Namangan davlat pedagogika instituti binosi oldida oilaviy kelishmovchilik sababli turmush o‘rtog‘i bilan janjallashib, uni pichoqlab, o‘limiga sababchi bo‘lgan tan jarohati yetkazgan. Bosh prokuratura matbuot xizmati boshlig‘i Hayot Shamsutdinovning yozishicha, erkak 26 yoshda, ayol esa 23 da bo‘lgan. Xotini pichoqlaganidan keyin u o‘ziga bir necha marotaba pichoq bilan jarohat yetkazib, o‘z joniga qasd qilgan. Voqea joyida bo‘lgan fuqarolar tomonidan o‘zini pichoqlagan erkak shifoxonaga hushsiz holatda olib borilgan. Maʼlum qilinishicha, unda ko‘p qon yo‘qotish holati kuzatilgan. Bemor zudlik bilan operatsiya qilingan va operatsiya muvaffaqiyatli yakunlangan. Biroq hozirda uning ahvoli juda og‘ir ekani qayd etildi. “26-27 yosh atrofidagi erkak tanasidagi ko‘plab sanchilgan-kesilgan jarohatlari bilan olib kelingan. Bemorning ko‘p miqdorda qon yo‘qotgani aniqlandi. Bo‘yin sohasi va qornining oldingi devorida ko‘plab sanchilgan-kesilgan jarohatlar aniqlandi. Bemorda zudlik bilan operatsiya o‘tkazish lozim, deb topildi. Operatsiya jarayoni muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Tanadagi barcha jarohatlari tikilib, hayoti saqlab qolindi. Bemor holati o‘ta og‘ir”, deydi shifokor.Aniqlanishicha, ushbu jinoyatni sodir etgan shaxs turmush o‘rtog‘i bilan 2022-yilning yanvar oyidan buyon o‘zaro oilaviy janjal sababli ajrashgan. Shundan so‘ng u turmush o‘rtog‘ini o‘zi bilan birga yashashga majbur qilib, asossiz rashk qilib kelgan holda bir necha marotaba janjallashib yurgan.
Manba: "daryo.uz"
| |
|