22:57 Zulfiqor Musoqov: Prezidentga yuborgan murojaatimning biror so‘zidan qaytmayman! Dalillarim bor | |
O‘zimni tanishtirishga ruxsat eting – Zulfiqor Musoqov, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, kinorejissyor, "O‘zbekfilm" kinostudiyasining oddiy xodimi. 15 sentyabr kuni ertalab Buxorodan, yangi filmim epizodlarini suratga olishdan qaytdim va soat 11.30 da pochtachi menga "O‘zbekkino" ish boshqaruvchisi E. Yuldashev tomonidan imzolangan maktubni olib keldi, unda meni 15 sentyabr kuni soat 15.00 da "O‘zbekkino" jamoatchilik Kengashi Majlisiga Prezidentga qilgan murojaatim yuzasidan taklif qilishgan edi. Maktubda shunday yozuv bor edi: agar yig‘ilishga kelmasangiz, sizning masalangiz yopiladi. Lekin buni qarangki, men keldim. Ko‘plab kinematografchilar, ko‘plab xalqaro kinofestivallar g‘oliblari ham menga dalda bo‘lib kelishdi, chunki bu murojaat, avvalo, ularning hayotiy muammolari haqida edi. Meni E. Yuldashev va o‘zini Jamoatchilik Kengashi raisining o‘rinbosari deb tanishtirgan S. V. Irgashev kutib olishdi. E. Yuldashev Jamoatchilik Kengashining yig‘ilishi kecha, 14 sentyabr kuni bo‘lib o‘tganini ma’lum qildi... Buni qanday tushunish mumkin? Men Eldor Yo‘ldoshevga xat 2020 yilning 9 sentyabrida mening manzilimga jo‘natilganini to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytdim, nahotki oddiy qo‘ng‘iroq qilishning iloji bo‘lmagan bo‘lsa?! E. Yuldashev bu xato uchun uzr so‘radi, garchi buning nomi oddiyroq tilda aytganda – g‘arazli, rejalangan ahloqsizlik deb ataladi. S.V. Irgashev birinchi suhbatda menga yagona va meni haqorat etgan savolni berdi: Rossiya Kino Akademiyasining NIKA mukofotiga olti karra nomzod bo‘lganingiz rostmi? 17 sentyabr kuni o‘zini yana Jamoatchilik Kengashi raisining muovini deb tanishtirgan S.V. Irgashev meni 21 sentyabr kuni Kengash yig‘iniga yana bir bor rasman taklif qildi. Men keldim. Yosh va qari kinoijodkorlarim ham uchrashuv xonasiga kirishdi. "O‘zbekkino" Jamoatchilik Kengashi raisi X. Xasanov hamkasblarim chiqishini talab qildi. Yigitlar bu masala barcha kinematografchilarga tegishli ekanligini aytishdi, biroq Jamoatchilik Kengashi a’zolari ularni zaldan chiqarishni talab qilib baqira boshladilar. Bu yerda nima, harbiy sirlar muhokama qilinadimi? Oxir-oqibat, men bizning ishimizga buning zarari bo‘lmasin, deb hamkasblarimdan chiqib turishlarini so‘radim. Bularning barchasi "O‘zbekkino" tomonidan tasvirga olingan. "O‘ZBEKKINO" RAHBARIYATINI FOYDASINI KO‘ZLAB, MONTAJ QILINADIGAN USHBU VIDEOROLIK "O‘ZBEKKINO" DIREKTORINING O‘ZIGA QARASHLI KANALLARIDA EFIRGA UZATILMASLIGIGA KAFOLAT YO‘Q. AGAR SHUNDAY BO‘LSA, ISHONMANG – BU NOTO‘G‘RI MA’LUMOT. Men huquqshunos emasman, lekin oddiy fuqaro sifatida shuni bilamanki, sudda ham sudlanuvchi sudyalarga qarshi chiqish huquqiga ega. Bu yerda esa sud emas va men, Xudoga shukurki, sudlanuvchi emasman. Bundan tashqari, bu – "Fuqarolar va yuridik shaxslarni murojaati to‘g‘risidagi qonun" ning 24-moddasining va Kengashning o‘z nizomi 20-moddasi, 3-iyul, 165a-sonli buyrug‘ining buzilishidir. Munozara hujumkor shaklda noxolis xaqoratomuz so‘roqqa aylandi. Jamoatchilik Kengashi tarkibi haqida o‘z fikrimni yozma ravishda bergan edim. Hozir kengash a’zolaridan birining jinoiy o‘tmishi borligini, uncha uzoq bo‘lmagan joylarda 6 yil jazo o‘taganini bilib qoldim. Ularga men ishonishim kerakmi? Men Jamoatchilik Kengashiga mamlakatimiz kino sohasiga o‘z hissasini qo‘shgan juda munosib insonlarni taklif qildim: Qoraqalpog‘iston va O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa’diyev, O‘zbekiston xalq artisti Dilorom Karimova, Hayrulla Sa’diyev, Bahodir Yuldashev; O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Rustam, Sa’dullayev, Ra’no Shodiyeva, Farhod Abdullayev; O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arboblari Abdurahim Ismoilov, Bahodir Jalolov, Akmal Nur; ko‘plab xalqaro kinofestivallar sovrindorlari, rejissyorlar Jahongir Qosimov, Ayub Shahobiddinov, Yolqin To‘ychiyev, Abduhalil Mingnorov, Nozim To‘laxo‘jayev, Shuhrat Mahmudov, Qahramon Xasanov, aktyorlar Bobur Yo‘ldoshev, Feruza Saidovalar. Yoki Kengash a’zolari direktor tomonidan shaxsan unga sadoqat darajasi asosida tanlanganmikin?! Kengash a’zolaridan birining javobi beixtiyor meni hayratga soldi: nega siz yuqorida nomlari keltirilgan odamlarni munosib, deb o‘ylaysiz? Jamoatchilik Kengashining ikkinchi a’zosi: Iya? Ularga ishonaymi yoki Prezidentimizni “San’at va biznes hech qachon birga bo‘lmaydi”,- degan gaplarigami? Savollarga bergan javoblarim so‘ngida to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiq aytdim: Kengash raisi X. Xasanovga qanday ishonch bo‘lishi mumkin? Aynan shu kishi bundan ikki yil oldin Badiiy kengashning barcha a’zolari guvohligida, ommaviy tarzda: – "fashistlar urush davrida unchalik ham vahshiylik qilmaganlar", - deya dahshatli va haqoratli gapni aytgan odamga ishonishim kerakmi? Men ishonmayman. Sizchi, ishonasizmi?Oxirgi gapim: Prezidentga yuborgan murojaatimning biror so‘zidan qaytmayman va istalgan joyda ayta olaman. Hammasiga dalillarim bor! O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, "Mehnat shuhrati" ordeni sohibi, kinorejissyor Zulfiqor Musoqov
Manba: "aniq.uz"
| |
|