15:29 “Bizda qaysi sohada adolat bor? Mukofotlar ham puli borga beriladiku?” Kaniza litsenziyasi olinganiga munosabat bildirdi | |
— Menga bir xabar yetib keldi. Shamollab yotganim uchun majlisga borolmagandim. “O‘zbekkonsert” bir paytlar “O‘zbeknavo” edi. Bir og‘iz topshirig‘ingiz bilan chekka qishloq bormi, chang-dala bormi, yillab yugurib xizmatingizni qildim. Taqdirlash u yoqda tursin, bir og‘iz rahmat dedingizlarmi? Sizlarning topshirig‘ingiz bilan xalqning xizmatiga tekinga bordim. Bilaman, menga tekin, lekin xalq pulini to‘lab qo‘ygan, u esa boshqa cho‘ntakka kiravergan. Hammasini bilsak ham biz sa’natkorlar indamadik, davlat sizlarga huquq bergan deb bosh egdik. Sizlarning bir og‘iz so‘zingiz bilan ijod qilib, bir og‘iz so‘zingiz bilan ijodim to‘xtaydigan inson ekanman, nega ayol boshim bilan o‘zimni himoya qilayotganimda jim turasizlar? O‘tirgan o‘rningizni boqiy deb o‘ylaysizlarmi? Qachondir “O‘zbekkonsert” degan tushuncha ham yo‘q bo‘ladi, chunki shou-biznesi rivojlangan davlatlarda bunaqa tizim yo‘q. Nega konsert zallarni to‘ldirib, 3-4 ming odamga ikki soatlab axloqsiz gaplar bilan shou ko‘rsatadiganlarni litsenziyasi joyida? Nega ijtimoiy tarmoqlarda ham, xizmatlarda ham ochiq kiyinadiganlarning litsenziyasi joyida? Ularning “orqasi” baquvvatligi uchunmi? Bizning qaysi sohamizda adolat bor? Hatto mukofotlar ham “orqasi” va puli borlarga berilishini hamma biladi-yu, lekin hech kim hech narsa deya olmaydi. Hind kinolari xalqimizning axloqini buzayotgan ekan, nega O‘zbekistonda kliplari va kinolarini namoyish qilishga ruxsat berasizlar? Agar muammo ishtonsizligim bo‘lgan bo‘lsa, uni faqat ko‘r odam ko‘rmagandir, shimim borligi shundoq ko‘rinib turibdi. Agar kliplarimga ruxsat yo‘q bo‘lsa boshqalarga o‘xshab hayosiz so‘zlar ishlatib vaynlar olaman. Bu xalqimizga kliplardan ko‘ra ko‘proq yoqadi. Haqiqatan menga qiziq, nima uchun chetdan ochiq kiyinib keladigan yoki LGBT’ni targ‘ib qiladigan xonandalar kelib bemalol konsert berib ketaverishadi. Nega Sami Yusuf yoki Mahir Zain kelmaydi? Xalqni bu insonlarga talabi yo‘qmi? Nega bunday masalada xalqni eshitmaysizlar? Men axloqsiz g‘oyalarni targ‘ib qilayotgan ekanman. Majlis oxirida bu so‘nggi xulosani kim yozgani menga qiziq. Ayol kiyimini kiyib, pardoz qilib xizmat qilayotganlar xalqimizga qanday g‘oyalarni singdirayotgan ekan? Ular nimani targ‘ib qilishyapti? Vaqt topib TikTok’ni ham kuzatinglar. Ertaga ozgina tuzalib olsam “O‘zbekkonsert” va madaniyat vazirining “saroylariga” boraman. Albatta advokatim, yuristim, erkin jurnalistlar bilan birga boraman. Qabul qilmasangizlar kechgacha o‘tiraman. Litsenziyamni qaytarib olish uchun emas, shunchaki ba’zi haqiqatlarni aytish va ularnikini eshitish uchun boraman. Mening orqamda baquvvat “tankim” yo‘q. Mening orqamda har qanday holatda ham orqamda tura oladigan muxlislarim va Robbim bor. Ha, aytgancha, “O‘zbekkonsert”ga bir talabim bor. Xuddi ro‘mol o‘rab televideniyega chiqishga ruxsat berilmagandek, endi teri rangidagi kiyimlarda sahnalarga chiqilmasin, deb “zapret” qo‘yishsin. Biz bosh ustiga bo‘ysunamiz. Menga doim nega san’atkorlardan do‘stingiz yo‘q deb savol berishadi. Mana javobni vaqti keldi. Bizda san’atkorlarni ko‘pchiligida samimiylik yo‘q. Qoqilsang, qo‘l uzatmasdan chapak chaladi, bir-biriga jo‘natib kulishadi, ig‘vo qilishadi. Soxta profillardan kuzatib, “podpiska”, like bosishga qo‘rqadi yoki g‘ururlari to‘kilib qoladi. Madaniyat vakillari, bor bo‘linglar. Kaniza sizlarga faqat omad tilaydi. Obro‘laringiz to‘kilmasin, xalqimizning g‘ururisizlar, — deydi xonanda. Eslatib o‘tamiz, bir necha kundan beri Kanizaning to‘ydagi raqslari hamda kiyimlari, shuningdek “Hindi shou” ko‘rsatuvidagi obrazi tanqidlarga sabab bo‘lmoqda.
Manba: "daryo.uz"
| |
|