13:53 Bolalar uyi tarbiyalanuvchilari bilan jinsiy aloqa qilgan amaldorlarning shaxsi aniq bo‘ldi | |
Qayd etilishicha, holat Jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva tuman sudida ko‘rib chiqilib, 2022 yil 6 sentyabrda hukm e’lon qilingan. Unga ko‘ra, 1979 yilda Urganch shahrida tug‘ilgan, Xorazm viloyati Xalq ta’lim boshqarmasiga qarashli Urganch shahridagi 1-sonli oilaviy bolalar uyi rahbari bo‘lgan Yu.X. Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) 3-qismi “a” bandi, 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 2-qismi “g” bandi va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilib, 1 yilga muayyan huquqdan, ya’ni davlat ishtirokidagi korxona, tashkilot, muassasalarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 5 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. 1979 yilda Nukus shahrida tug‘ilgan, Xorazm viloyati Adliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan A.M. (Aybek Masharipov) va 1984 yilda Yangiariq tumanida tug‘ilgan, Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan A.Q. (Anvar Quryazov) Jinoyat kodeksining 128-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 1-qismi va Jinoyat kodeksining eski tahrirdagi 128-1-moddasi (o‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar berish yoxud mulkiy manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qilish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilib, ularning har biriga 1 yilu 6 oydan ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. A.M. va A.Q.ning himoyachisi hamda Yu.X. tomonidan kiritilgan apellyatsiya shikoyatlariga asosan ushbu jinoyat ishi apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilib, Xorazm viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2022 yil 27 dekabrdagi ajrimiga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva tuman sudining 2022 yil 6 sentyabrdagi hukmi bilan sudlanuvchilarga nisbatan tayinlangan jazo o‘zgarishsiz qoldirilgan. Taraflarga apellyatsiya instansiyasi sudining ajrimi ustidan Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga kassatsiya tartibida shikoyat qilishi, prokuror protest keltirishi mumkinligi tushuntirilgan bo‘lib, hozirgi kunga Oliy sudga kassatsiya tartibida protest yoki shikoyat kelib tushmagan. Obidovning eslatishicha, ushbu jinoyat ishi Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida kassatsiya tartibida ko‘rilgandagina yuqoridagi sud qarorining qonuniyligi, adolatliligi va asosliligiga huquqiy baho berilishi ma’lum qilinadi.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|