Главная » 2020 » Июнь » 14 » Olimlar yangi pandemiya boshlanishi mumkin bo‘lgan joyni aniqladi
13:46

Olimlar yangi pandemiya boshlanishi mumkin bo‘lgan joyni aniqladi


Janubi-sharqiy Osiyodagi yovvoyi hayvonlar bozori koronavirus tarqalishi uchun qulay sharoit hisoblanadi. Bu kabi xulosa xalqaro zoologlar jamoasi tomonidan bioRxiv portalida e’lon qilingan tadqiqot natijalarida keltirilgan.

Olimlar 2013—2014-yillarda Vyetnamdagi bozor va fermalarda tadqiqot o‘tkazgan. O‘sha vaqtda ular bozorda sotilayotgan hayvonlarning biologik materiallar namunalarini yiqqan.

Polimeraza zanjir reaksiyasi usuli yordamida tadqiqotchilar namunalarda turli xil koronaviruslarning genetik ketma-ketligini aniqlashga muvaffaq bo‘lgan. Ular Coronaviridae oilasiga mansub oltita turli patogen mavjudligini aniqlagan — xususan, COVID-19’ni qo‘zg‘ovchi betakoronavirus ham.

“Koronavirusning turli shtammlari tirik kemiruvchilar sotilayotgan 24 ta bozorning barchasida aniqlangan. Bundan tashqari, bu kabi hayvonlarni yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchi fermalarning 60 foizida va ko‘rshapalaklarning axlatidan o‘g‘it tayyorlaydigan korxonalarning 94 foizida aniqlangan”, — deyiladi maqolada.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, hayvonlarning ta’minot zanjiri bo‘ylab yetkazib berish davom etar ekan, turli koronaviruslar bilan kasallanish holatlari o‘sadi. Xususan, ovchilar tomonidan sotiladigan oddiy kalamushlarda kasallanish ulushi 20,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, yirik bozorlarda ushbu ko‘rsatkich 32 foizga yetgan. Restoranlarga yetkazib beriladigan kalamush namunalarida esa 55,6 foiz kasallanish qayd etilgan. Bu kabi tendensiya bambuk kalamushlari, jayra va qo‘lqanotlilarda ham kuzatilgan.

Olimlarning taxminicha, koronaviruslarning go‘sht bozorlarida tarqalishi turli xil go‘nglarni aralashtirish yoki patogenni bir turdan boshqasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yuborish orqali sodir bo‘lmoqda. Bunga kemiruvchilar go‘ngida qush va ko‘rshapalaklarga xos viruslar aniqlangani borasidagi faktlar dalil bo‘lmoqda.

Olimlar Vyetnam va Janubi-sharqiy Osiyoning boshqa davlatlari hayot uchun xavfli boshqa yangi virus tarqalmasligi uchun kerakli choralarni ko‘rishi lozimligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, Xitoy hukumati koronavirus tarqalishi munosabati bilan yovvoyi hayvonlar go‘shtini sotish va iste’mol qilishni taqiqlab qo'ygan. Faqatgina cho‘chqa, qo‘y, eshak, quyon, o‘rdak, g‘oz, kaptar va boshqa chorva mollari, shuningdek, baliq yeyishga ruxsat beriladi.


Manba: "daryo.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Теги: yangi pandemiya boshlanishi mumkin , joyni aniqladi, olimlar | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя