Главная » 2016 » Ноябрь » 18 » O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan muzey tashkil etiladi
13:38

O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan muzey tashkil etiladi


Lola va Tatyana Karimovalar tomonidan O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomi bilan ataluvchi jamoatchilik xayriya fondiga asos solindi. Bu haqda Lola Karimova o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ma’lum qildi. 

“Oyimlar bilan otamning Oqsaroydagi ish kabinetlarida.

Yurtimizning birinchi Prezidenti olamdan o‘tganlariga ikki yarim oy bo‘ldi. Otamning xotiralari va hayotda amal qilgan tamoyillarini abadiylashtirish maqsadida men onam bilan birgalikda Islom Karimov nomi bilan ataluvchi jamoatchilik xayriya Fondiga asos soldik. Fond o‘z oldiga O‘zbekistonning birinchi Prezidenti xotirasiga bag‘ishlangan muzeyni tashkil qilish va Vatanimiz mustaqilligining asoschisi to‘g‘risida maqola va asarlar nashr etishni maqsad qilib olgan.

Fondning birlamchi vazifalaridan biri mamlakatimiz hamda horijda O‘zbekistonning tarixiy, madaniy va adabiy merosini targ‘ib qilishga mo‘ljallangan dasturlarni amalga oshirishdan iboratdir.

Islom Karimov Fondi tomonidan yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini rivojlantirishga, oliy o‘quv yurti va maktab murabbiylari hamda tibbiyot xodimlarining kasbiy malakalarini oshirishga yo‘naltirilgan turli ilmiy-ma’rifiy, madaniy dastur va loyihalar amalga oshiriladi. Ushbu dasturlar doirasida Islom Karimov Fondi iste’dodli yoshlarga mamlakatimiz va xorijiy davlatlarning eng ilg‘or oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olishlari uchun grantlar taqdim etadi. Mamlakatimizda ilm-fanning taraqqiyotiga hissa qo‘shish maqsadida Fond tomonidan ilmiy tadqiqot dasturlariga ham grantlar ajratish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Islom Karimov Fondi o‘z faoliyatida o‘zbek tilini rivojlantirishga alohida ahamiyat berishni o‘z oldiga maqsad qilib olgan. Fond tomonidan o‘zbek klassik hamda zamonaviy yozuvchilar asarlarini chet tillarga tarjimasi va nashri uchun grantlar beriladi.

Ona yurtimizning an’analari, adabiyoti hamda xalqimizing boy madaniy merosining boshqa jabhalariga tegishli adabiyotlar nashr etmoqlik ham Fond faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ladi. 

Islom Karimov Fondi xalqimizning avloddan avlodga, asrlar osha o‘tib kelayotgan hunarmandchilik an’analarini asrash va qo‘llab quvvatlashni ko‘zda tutgan loyihalarni ham amalga oshiradi.

O‘zbek zamonaviy tasviriy san’at maktabini taraqqiy ettirish maqsadida Islom Karimov Fondi o‘zbek san’at ustalari tomonidan yaratilgan eng yaxshi asarlar kolleksiyasini to‘plashni hamda mashhur rassomlar va ist’edodli yosh san’atkorlarning ko‘rgazmalarini tashkil etishni o‘z birlamchi vazifalaridan biri qilib belgilagan.

Islom Karimov Fondi mana 14 yildan buyon ota-ona qaramog‘isiz qolgan va nogiron bolalar va yoshlarga har tomonlama yordam ko‘rsatib kelayotgan “Sen yolg‘iz emassan” jamoatchilik bolalar fondi bilan hamkorlikda ham faoliyat olib boradi.

Islom Karimov Fondi yurtimizda istiqomat qiluvchi ko‘pgina insonlarga o‘z salohiyatini amalga oshirishda yordam berib, ona O‘zbekistonimizning madaniy va marifiy rivojiga o‘z salmoqli hissasini qo‘shadi, deb umid qilaman.

Men mehribon Allohdan otamning oxiratlarini obod qilishini va boshlagan xayrli ishlarimizda bizga madadkor bo‘lishini so‘rayman”,—deb yozdi Lola Karimova-Tillayeva.


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: O‘zbekistonning birinchi Prezidenti, xotirasiga bag‘ishlangan, Islom Karimov, muzey tashkil etiladi | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя