Главная » 2016 » Ноябрь » 21 » Shohruhxon va Asalning sevgi tarixi yoxud mashhur qaynona-kelin bilan dildan suhbat
10:25

Shohruhxon va Asalning sevgi tarixi yoxud mashhur qaynona-kelin bilan dildan suhbat


Ko‘p sonli muxlislarga ega xonanda  Shohruhxon va o‘zbek kinosining taniqli aktrisalardan biri Asal Shodiyev oila qurishgani ularning muxlislari va hamkasblari uchun haqiqiy syurpriz bo‘lgandi.  Shundan buyon ikki san’atkor ham intervyu berishdan bosh tortib kelishayotgandi. Lekin biz bugun ijodkorlarning oilasi bilan yaqindan tanishish, sevgi tarxini bilishga muvaffaq bo‘ldik. Kelinposhsha uchrashuvga oilaning yana bir ijodkori, ko‘plab filmlar rejissyori, qaynonasi Zebo Navro‘zova bilan tashrif buyurdi. 

—  Sizlarni ko‘rib turganimizdan xursandmiz. Xush kelibsizlar!

Zebo Navro‘zova: — Xushvaqt bo‘ling. Taklif uchun rahmat. 

— Zebo opa, niyatingiz amalga oshib, erkatoy o‘g‘lingiz ham vanihoyat oila qurdi... 

—Haqiqatdan unga to‘g‘ri ta’rif berdingiz.  Shohrux o‘g‘illarim ichida eng injiq va erkasi. Bir necha yillar davomida oilaviy yig‘inlarimizning asosiy mavzusiga aylangan, uni uylantirish oruzimiz ham amalga oshdi. Ammo buni uzoq kutgan bo‘lsak-da, “kelin qidirib qovushim yedirilmagan”. O‘g‘lim “Ona, o‘zim topaman” derdi. Men esa  unga yuz foiz ishonganman. 

— Asal, to‘yni shu qadar sir tutdinglarki, juda oz fursat qolgandagina xabar topdik... 

— Chunki, bu bizning o‘rtamizdagi tuyg‘ular, orzular va niyat edi. Shuning uchun ham uni begonalardan asrab- avayladik. O‘sha kun kelganda esa baxtli kunimizni ko‘pchilik bilan baham ko‘rdik. Menimcha hammasi ko‘ngildagidek o‘tdi. 

— Bir-biringizga uzukka ko‘z qo‘ygandek mossizlar. Sevgi tarixingizni ham eshitishni istardik. To‘ygacha bu haqda gapirishni istamadingiz balki endi gapirib berarsiz?

— O‘zingizga yaxshi ma’lumki, biz hamkasbmiz, ijodkormiz. Turli tadbirlarda ko‘rishib turardik. Shundan boshlangan... 

—  Shohrux turmushga chiqish taklifini qay tarzda bildirgan? 

— Hamkasb, do‘st bo‘lib yurdik. Ishonasizmi, oila qurish taklifini o‘zbekona urf-odatlarimizga ko‘ra sovchilar kelgandagina bilganman. 

— U aynan siz kutgan inson ekanini qanday sezgansiz?

— Shohrux aka, men uchun ideal darajadagi inson. Ochig‘ini aytsam, u insonni to‘liq anglab yetmaganman. O‘ziga yarasha sirli fe’l-atvorga ega. Har qanday vaziyatda suyanishim, ishonishim mumkin. Ba’zida menga noto‘g‘ridek tuyilgan qarorlari ham oxir-oqibat eng to‘g‘ri yo‘l ekanligini guvohi bo‘lganman. Shuning uchun ham har bir qaroriga hurmat bilan munosabat bildiraman. 

— Sizlarni ko‘rganlar “ikkalasi ham og‘ir-bosiq, qanday til topishishdi ekan” deb o‘ylashadi...

— Biz ikkimiz yolg‘iz qolganda, umuman boshqa odamga aylanamiz. Gapdan tinmaymiz. Kulguli voqealarni gapirib, kulishib, xullas, sira zerikmaymiz. 

Z. N.: — Bilasizmi, bir-biriga ko‘ngil qo‘ygan insonlar tuyg‘ularini sinovdan o‘tkazish, haqiqatdan ham bir-biri uchun yaralganligini bilish uchun vaqt talab qilinadi. Bularga ham vaqt kerak bo‘ldi va bu albatta yaxshilikka bo‘ldi. Asal yuqorida birinchi galda do‘st bo‘ldik, deb bekorga aytmadi. Nafaqat ular, balki biz onalar ham bu vaqt ichida oilaviy do‘stlashib oldik. 

Bir-birini yaqindan tanib, bilishi uchun ancha vaqt talab etilganini tabiiy hol deb bilaman. Chunki ikkisi ham ijodkor, o‘ziga yarasha injiqliklari bor. Ana shu narsalarga ko‘nikib, keyin bir oila bo‘lishdi. O‘zimni baxtli insonlar qatoriga bemalol qo‘sha olaman. Chunki ikki o‘g‘lim ham menga kelin emas, qiz olib kelishdi. Shuning uchun ham bugun ko‘proq ish bilan bandman. 

Asal: — Zebo opa, bizni to‘yimizni kutib turgan edilar, nazarimda. To‘y o‘tdi-yu, shu zahoti ishga berilib ketdilar. Hozir faqat tasvirga olish ishlari, yangi film va seriallar bilan bandlar. 

Z.N.: — Uydan ko‘ngli to‘q insongina bemalol ishlaydi. Doim ho‘mrayib, kayfiyatsiz yuradigan o‘g‘lim ham, kulib, hazil-huzul qilib yuradigan bo‘lgan. Sizlardan xotirjamman... 

— Qaynonaningizga Zebo opa, deb murojaat qilganingiz e’tiborimni tortdi. 

A. Sh.: — O‘zlaridan ruxsat so‘raganman. Shu kungacha Zebo opa deb chaqirganim uchun to‘ydan keyin oyijon deyishga sira o‘rganolmadim. 

Z. N.: — Bundan tashqari, mening o‘zim ham qarshilik qilmadim. Sababi, insonni qanday atash muhim emas, o‘ziga yoqqandek murojaat etaversin. Hurmat bu bilan o‘lchanmaydi-ku, to‘g‘rimi?

— Zebo opa, kasbingizdan kelib chiqqan holda bir savol bersam, ya’ni  rejissyorlar inson psixologiyasini juda yaxshi tushunadi. Ular suhbatlashib ham qalbni ko‘ra oladi, deyishadi. Asalni ilk ko‘rganingizda, u haqiqatdan ham o‘g‘lingizga mos ekanligini his etganmisiz?

— Bu voqeaning tarixi uzun... Bir boshidan gapirib bera qolay. Yodingizda bo‘lsa, Shohruxxon kliplarining birga Asalni taklif etgan edi. O‘sha hamkorlikdan so‘ng turli gap-so‘zlar “bolalay” boshlagandi. O‘sha paytlarda biz kinoijodkorlar Kamolot yoshlar ijtimoiy harakati tashabbusi bilan yozgi oromgohda yig‘ilgandik. Shunda birinchi marta Asal bilan yaqindan tanishganman. Ilgari munosabatimiz salom-alikdan nariga o‘tmagan. Xullas, o‘sha tadbirda, hamma o‘zi bilan ovora, men esa  kelganlar orasidan kelin izlashni boshlaganman. Shu payti Asalga ko‘zim tushdi. Xudo o‘zi ko‘nglimga solganmi bilmayman, nima qilmay shu qizga qarayverganman-da. Keyin o‘zimcha, oydakgina qiz ekan, odamlar bekorga gapirmas ekan, Asalni kelin qilib qo‘ya qolsam bo‘larkan, deb o‘ylab qo‘yganman. Eng qizig‘i, o‘sha tadbirda qaynonalardek uning nima ish bilan bandligi, nimalarga qiziqqanini poylaganman. Kechki payt hamma guruh-guruh bo‘lib yig‘ilib, kuy-qo‘shiq aytish bilan band bo‘lsa, u xonasiga kirib kitob o‘qirdi. Bir zum bo‘sh vaqtini behuda sarflamasligi e’tiborimni tortdi. Ana o‘shandan keyin unga bo‘lgan mehrim yana ham oshgan. Ertasiga o‘g‘limga qo‘ng‘iroq qilib, “Men senga zo‘r qiz topdim” deganman. U esa “Oyi, o‘sha yerda ham tinch yurmang. Atrofingizda faqat artistlar-ku, kim ekan siz topgan qiz”  deb so‘radi. Men esa “Ha, shu artistlarning ichidan topdim-da. Asal Shodiyev” dedim. U to‘satdan “Voy” dedi. O‘sha bir so‘zning ohangidanoq o‘g‘lim allaqachon Asalga ko‘ngil qo‘yganini sezgandim. Men bu yerda jon kuydirib kelin izlasam-u, u hamma ishni pishitib qo‘ygan ekan. Shunday qilib, bir vaqtning o‘zida ikkimiz ham bir nomzodni ko‘z ostimizga olib qo‘yganmiz (kuladi). Shunday qilib, bir kuni qo‘ng‘iroq qilib, “Oyi, tayyorlanib turing, mehmonga borasiz” deya sovchilikka yubordi. Eng qizig‘i esa, mening o‘zim ham to‘yga o‘n kun qolganda belgilangan sanani eshitganman. Konsertga tayyorlanish jarayonida hammamiz yelib-yugurib yuribmiz. Konsert ham keldi. Parda ochilishiga 15 daqiqa qolganda “Ona 5 iyun to‘y! Tayyorlanavering” desa bo‘ladimi? Endi mening ahvolimni tasavvur qilavering. Sarpo-suruq, degandek to‘yning o‘ziga yarasha tashvishlari, yugur-yugurlari bor. Qanday ulguraman deb rosa vahima  bosgan. Ammo hammasi juda chiroyli o‘tdi. Ming shukr. 

— Farzandlaringizni kelin-kuyovlik libosida ko‘rganingizda xayolingizdan nimalar o‘tdi?

— Avvaliga qanday bo‘larkin, juda shoshilib, apil-tapil to‘y qildik, deb cho‘chigandim. Ammo hammasi ko‘ngildagidek o‘tdi. Ilohim, bolalarimizning baxti doim butun bo‘lsin. 

— Kelin sifatida Asalga qanday baho berasiz?

— Kelin bo‘lib tushganidan keying bag‘rim to‘lib, juda hursand bo‘ldim. Asal juda sodda va uyatchan. Ba’zida “bu qanday rol o‘ynagan ekan. Aktrisaga ham o‘xshamaydi” deb o‘ylab qolaman. Ro‘zg‘orda kamchiliklar, past-balandliklar bo‘lishi tabiiy. Ularni hozir ham, kelajakda ham birgalikda yengib o‘tishimizga ishonaman. Ochig‘ini aytishim kerak, kasbimdan kelib chiqib oilada ham juda talabchanman. Vaqt o‘tishi bilan sekin-sekin bir-birimizga moslashib fe’limizni o‘rganib boryapmiz. 

— Kasbingiz haqida gap boshlaganingiz sabab bir savol tug‘ildi. Filmlaringizga Asalni taklif qilishga ulgurdingizmi?

— Albatta! Hozirda “Baxtli bo‘lamiz” serialining uchinchi fasli suratga olinyapti. Ana shu serialga o‘g‘lim bilan kelinim uchun ssenariyga maxsus o‘zgartirish kiritildi. Ular dialoglarga ham tayyorlanishayotgan edi, biroq tasvirga olish ishlari yaqinlashgandan keyin Shohrux rol o‘ynash fikridan qaytib qoldi. Ayrim syujetlar unga yoqmagan emish. Ayni kunlarda ssenariyga o‘zgartirish kiritib yana unga berdim. Roziligini ololsak, albatta ikkisi bilan ham birgalikda ishlaymiz. 

— Asal, kelinlikdan keyingi ilk ijodiy ishingiz qaynonangizning filmi bilan boshlanar ekan-da? 

— Ha, albatta. Men bundan juda xursandman. 

— Turmush o‘rtog‘ingiz ijodingizga qanday fikr bildiradi? Biror bir shartlar bo‘ldimi?

— Bilasizmi, to‘ydan keyin ijod qilishimga rozi bo‘lmadilar. Oila qurgandan keyin kelin uy ishlari, oila bilan band bo‘lishi kerak dedilar. Biroq Zebo opa mening yonimni olib, ishlashimga ruxsat olib beryaptilar. Shohrux aka hali aniq qaror aytmadilaru, biroq, oyijonimiz ko‘maklarida fotosessiya, kichikroq  loyihalarda ishtirok etib kelyapmiz. (Zebo opaga yuzlanib) Buning uchun sizga rahmat. 

Z. N.: — Biroq Asalni rolga taklif qilgan har bir rejissyor birinchi o‘rinda men va Shohruxning oldidan o‘tadi. Ssenariylarni ham birinchi biz o‘qiymiz. Bu Asalga ishonmaymiz degani emas. Kelinim ham rollarni chertib- chertib tanlashiga ishonaman. 

— Yangi xonadonga ko‘nikib ketish qiyin bo‘lmadimi, Asal?

— Yo‘q. O‘zim tanigan, bilgan oilaga kelin bo‘lib tushdim. Qaynukalarim bilan ham ilgaridan tanishmiz. To‘g‘ri ba’zida biroz xatoliklarga yo‘l qo‘yapman. Ammo oila a’zolarim ko‘magida ularni bartaraf etishga, qaytarmaslikka harakat qilyapman. 

— Zebo opa, injiq qaynonaman dedilar. Aytingchi, rostdan qattiqqo‘lmilar?

(Zebo opa gapga qo‘shilib) — Juda ham! Buni tan olishim kerak. 

— To‘g‘ri. Hamma ish ideal darajada bo‘lishini talab qiladilar. Ularni bajarishga harakat qilyapman. Ammo mukammal darajada amallashim uchun hali ko‘p narsalarni o‘rganimishim kerakligini ham bilaman. 

Z. N.: — Bu borada o‘zim senga yordam beraman, Asal. Chunki, yangi xonadonga borgan qiz, u yerning sharoitiga, ichki qonun-qoidalariga o‘rganib ketishi uchun vaqt kerak. Moslashib olishi uchun esa uni qo‘llab-quvvatlovchi insonlar yonida bo‘lishi shart...

Mashhur qaynona-kelin bilan  suhbatlashib, ochig‘i havasimiz keldi. Ular baxtiyorliklari, bir-birini tushunishga intilishlari bilan ham havasimizni keltirishdi. Biz ham ularning ko‘zlaridagi baxt yolqinlari sira so‘nmasligini tilab, suhbatimizga yakun yasadik. 

Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi
Fotomuhbir Islom RO‘ZIEV


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Shou-biznes habarlari | | Теги: sevgi tarixi, Shohruhxon va Asal | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя