19:35 “Zapravkalar ochilsa, gaz narxi qimmatlashishi mumkin” — Mamarizo Nurmurodov 2023-yilda kutilayotgan inflyatsion xatarlarni aytdi | |
Mamarizo Nurmurodovning taʼkidlashicha, asosiy inflyatsion xatarlardan biri aholi va tadbirkorlik subyekatlarining inflyatsion kutilmalari oshib borayotgani bilan bogʻliq. “Ikkinchidan, bazaviy inflyatsiya darajasining yuqori koʻrsatkichlarda shakllanayotgani. Keyin budjet taqchilligining 4 foiz darajasida shakllanishi ham maʼlum jihatdan inflyatsion xatarlarni keltirib chiqaradi. Taklif bilan bogʻliq inflyatsion xatarlar ham bor. Bunga toʻxtaladigan boʻlsak, metan gazi uzib qoʻyildi. Bu oʻz-oʻzidan benzin taqchilligini yuzaga keltirdi. Biz nima xatarni kutyapmiz, deganda, Markaziy bank ertaga gaz zapravkalari ochiladigan boʻlsa, gaz narxining koʻtarilib ketishi mumkin”, — dedi rais. Mamarizo Nurmurodovning qoʻshimcha qilishicha, anomal sovuq kelgusi yilda kutilayotgan hosildorlikka salbiy taʼsir qilishi mumkin. “Bu holat narxlarga oshiruvchi bosim koʻrsatadi. Yana bitta masala, bizning isteʼmolimizda boʻlgan ayrim tovarlar ustuvor ravishda import bilan bogʻliq. Oʻshalarni bizga yetkazuvchi asosiy savdo hamkorlarimiz eksportiga maʼlum cheklovlar kiritilishi ham inflyatsiyaga taʼsir qiladi. Keyingi xatar qurilish materiallari narxlariga borib taqaladi. Hozirgi tabiiy gaz uzilishlari qurilish materiallari taklifida tanqislik keltirib chiqarib, kelgusida bu mahsulotlar narxlari oshishiga olib kelishi mumkin. Pul oʻtkazmalari hajmining oʻsishi ham inflyatsiyaga bosim oʻtkazuvchi xatar hisoblanadi”, — dedi Markaziy bank rahbari. Mamarizo Nurmurodovga koʻra, monetar xatarlar ham inflyatsiyaga jiddiy taʼsir qiladi. Shuning uchun Markaziy bank kredit mablagʻlari oʻsishini yalpi ijtimoiy mahsulotni nominal oʻsishidan oshirmaslik boʻyicha monetar infstrumentlardan foydalanmoqchi.
Manba: "daryo.uz"
| |
|