18:08 Zangiotada 1 271,5 kg iste’molga yaroqsiz go‘sht mahsulotining sotuvga qo‘yilishining oldi olindi | |
Zangiota va Jondor tumanlarida iste’molga yaroqsiz go‘sht mahsulotining sotuvga qo‘yilishining oldi olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining matbuot xizmati xabar berdi. Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent viloyati Zangiota tuman bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Ushbu tadbir davomida, fuqaro B.T. yashirin sex tashkil qilib, sanitariya qoidalariga zid ravishda turli xildagi go‘sht mahsulotlari tayyorlab sotish bilan shug‘ullanib kelayotganligi aniqlangan. Shundan so‘ng, iste’molchilarning hayoti va sog‘ligi xavfsizligi talablariga javob bermaydigan jami 1 271,5 kg go‘sht mahsuloti ashyoviy dalil sifatida olingan. Shu kabi, Departamentning Buxoro viloyati Jondor tuman bo‘limi tomonidan tegishli mutasaddi tashkilotlar xodimlari bilan o‘tkazilgan o‘rganish davomida, fuqaro F.F. “Jondor tuman EKO bozor” MCHJ hududida iste’molchilarning hayoti va sog‘ligi xavfsizligi talablariga javob bermaydigan 1 100 kg go‘sht mahsulotini muomalaga kiritish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlangan. Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksning 186-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Manba: "xabardor.uz"
| |
|