Главная » 2017 » Май » 25 » Yoz oldi muolajalari: buni bilishingiz shart!
13:30

Yoz oldi muolajalari: buni bilishingiz shart!


Yoz kelayapti! O`z-o`zidan insonning kayfiyati tomoshatalab, sayohat xushlovchi bo`lib qoladi. Bunday joylarga borish uchun esa albatta chiroyli ko`rinishda bo`lishni istaymiz. Sahifamizda yoz oldidan qanday muolajalarni o`tkazish mumkin-u, qaysilarini kuzgi mavsumga qoldirish kerakligi haqida so`z yuritamiz. Ekspertimiz dermatokosmetolog Surayyo MIRSODIQOVA yuz terisining yozgi muammolari va tegishli muolajalar xususida ma`lumot beradi. Go`zallik saloniga borishdan avval tavsiyalarimizni albatta o`qib chiqing.

Bahorning oxirgi oylarida qanday muolaja yuz terisiga ayniqsa zurur?

Qish va bahorda teri juda ko`p namlik yo`qotadi. Shundan u quruq, ta`sirchan bo`lib qoladi. Bu quyosh nuri va turli vitaminlarning ozligi, isituvchi qurilmalarning ko`pligi, sovuq havo va shamol tufayli yuzaga keladi. Shuning uchun ham birinchi galda terining yo`qotilgan namligini tiklash zarur. Yuzni namlantirganda teri oftobda toblanganida ham tana bir tekis qorayadi, ko`z yonidagi mayda ajinlardan ham halos bo`lasiz.

Yuz terisini namlantiruvchi muolajalardan samaradorligi jihatidan eng kuchlilari:

  biorevitalizasiya (gialuron kislotasi preparatini in`eksiya holida tananing ma`lum qismiga yuborish);

  bioreparasiya (gialuron kislotasini aminokislota va vitaminlar bilan in`eksion yuborish);

  oddiygina mezoterapiya (terini davolash va oziqlantirish uchun ba`zi preparatlarni kam dozalarda yuz terisi ichiga yuborish)dir.


Gialuron kislotasi organizmda mavjud bo`lgan modda. Shu bois yaxshi samaraga ega. Muolajalar umumiy hisobda 6-8 marta o`tkaziladi. Shundan:

  6 marta haftada 1 martadan;

  ettinchisi 2 haftada 1 marta;

  sakkizinchi muolaja 1 oyda bir marta o`tkaziladi. Bu muolajalardan 7-14 kun o`tgachgina dam olish maskanlari, tog` va cho`milish havzalariga borish maqsadga muvofiq. Yo`qsa, teri qavati yallig`lanishi va dog`lar tushishi mumkin.


Yoz faslida qanday muolajalardan tiyilgan ma`qul?

Quyoshning tig`ida yuzni shikastlovchi barcha muolajalarni vaqtincha unutmoq kerak. Bularga quyidagilar kiradi:

  kimyoviy va lazer pilingi;

  mevali engil pilinglar;

  dermabraziya (yuzni silliqlash);

  fotoyoshartirish (yuzdagi qarilik alomatlarini bartaraf etish);

  tananing ochiq joylarini fotoepilyasiya qilish (tanadagi istalmagan tuklardan halos bo`lish);

  jarrohlik aralashuvlari, elektrokoagulyasiya (tanadagi papillomalarni olish).

Mazkur muolajalar oktyabr-fevral oylari oralig`ida o`tkazilsa, ham samarali, ham asoratsiz natijalarga erishish mumkin. Issiq havoda mezoterapiya va shunga o`xshash boshqa jismoniy muolajalar ta`qiqlanmaydi. Ammo shuni nazarda tutish kerakki, yuzdagi shish va boshqa o`zgarishlar yuzaga kelishi ehtimoli kuchli bo`ladi hamda ular odatdagidan sekinroq yo`qoladi.

Botoks ukoli issiq havoda sog`liqqa zarar emasmi?

Botoks ukoli (yuzdagi mimik mushaklar harakatini susaytiruvchi vosita) qildirish mumkin, ammo yozda uning samaradorligi ancha pasayadi. Ammo bu tadbirni ayollar bilib turib ham amalga oshirishga ehtiyoj sezishlari shundanki, ko`proq quyosh nuri ko`zimizga tushganida ko`zlarimizni qisib, peshanamizni tirishtiramiz. Oqibatda yuzda mayda ajinlar aynan yoz payti paydo bo`ladi. Shuning uchun ham botoks qildirish-qildirmaslik har kimning o`z xohishiga bog`liq.

Dog`larga qarshi kurash...

Jaziramada dog`larni ketkazishni maslahat bermaymiz, tavsiyalarga to`liq rioya qilinmaganda muammo yanayam kuchayishi mumkin. Yaxshisi, bahorda yangi dog`lar paydo bo`lishining oldini olish kerak. Buning uchun SPF 10, 20 omilli himoya, ba`zi oqartiruvchi komponentga ega kremlarni surtish tavsiya qilinadi. Ular terini ultrabinafsha nurlaridan himoya qiladi. Hech qanday piling va boshqa agressiv muolajalarni qo`llamang. Shu bilan birga, yog`li kremlarni surtmang, qizil rangli mevalardan yuzga niqob qilmang, yog`li, gazli mahsulotlarni iste`molini cheklang. Yuzingizga dog` tushmasin desangiz, turli oqartiruvchi va oziqlantiruvchi niqoblarni kechki 20:00-22:00 gacha qo`llashingiz mumkin. Masalan, 1 choy qoshiqdan talk va gilga 1 chimdim borat kislotasini aralashtirib, 1 osh qoshiq suv soling. Bo`tqa holidagi niqobni SPF molochko bilan tozalangan yuz terisiga surtib, 20 daqiqadan so`ng yuvib tashlasangiz, yaxshi oqartiruvchi samaraga erishish mumkin.

Shu o`rinda ba`zi dori vositalarining ham organizmga salbiy ta`sir ko`rsatishini aytib o`tish kerak. Masalan, gormonal preparatlar ham yuz terisining fotota`sirchanligini oshiradi. Shuning uchun yoz vaqti ularni ichishni to`xtatib yoki boshqa preparatlar bilan almashtirib turish kerak. Agar buning iloji bo`lmasa, ultrabinafsha nurlaridan kuchli himoyalovchi kremlarni surtib yurish kerak.

Dilnoza UMAROVA tayyorladi


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Maslaxatlar | | Теги: buni, muolajalar, oldi, bilishingiz shart, Yoz | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя