Главная » 2022 » Ноябрь » 24 » Turkiya AQSH qo‘shinlariga tahdid solyapti – Pentagon
12:30

Turkiya AQSH qo‘shinlariga tahdid solyapti – Pentagon


Turkiyaning “Panjali qilich” operatsiyasi doirasida Suriya shimolidagi aviazarbalari AQSH harbiy xizmatchilari xavfsizligiga tahdid solmoqda, vaziyatning keskinlashuvi ISHID terrorchilik guruhi jangarilariga qarshi kurashdagi ko‘p yillik taraqqiyotni xavf ostiga qo‘ymoqda. Bu haqda kecha, 23 noyabr kuni Pentagon matbuot kotibi – AQSH harbiy-havo kuchlari brigada generali Patrik Rayder tarqatgan yozma bayonotda aytiladi. 

“Mudofaa vazirligi Suriya shimoli, Iroq va Turkiyadagi vaziyatning yomonlashib borayotganidan chuqur xavotirda. Bu keskinlashuv IShIDga qarshi xalqaro koalitsiyaning IShIDni zaiflashtirish va mag‘lub etish borasidagi uzoq muddatli taraqqiyotiga xavf tug‘diradi. Suriyadagi so‘nggi aviazarbalar ularning xavfsizligiga bevosita tahdid solmoqda. AQSH harbiylari Suriyada mahalliy hamkorlar bilan IShIDni yengish va 10 mingdan ortiq ISHID jangarilarini hibsga olish uchun ishlamoqda”, deydi general. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, muvofiqlashtirilmagan harbiy harakatlar Iroq suverenitetiga tahdid soladi.  

“ISHID mag‘lub etishga eʼtibor qaratishda davom etish va ISHID ustidan g‘alaba qozonishga sodiq qo‘shinlar xavfsizligini taʼminlash uchun zudlik bilan keskinlikni yumshatish zarur”, deya qo‘shimcha qildi Pentagon rasmiysi. 

Uning taʼkidlashicha, Qo‘shma Shtatlar bu harakatlar natijasida ham Turkiyada, ham Suriyada sodir bo‘lgan tinch aholi o‘limini qoralaydi va hamdardlik bildiradi.  

“Biz fuqarolik infratuzilmasiga ataylab qilingan hujumlar haqidagi xabarlardan ham xavotirdamiz. Vaziyatni pasaytirishga chaqirish orqali biz Turkiyaning qonuniy xavfsizlik manfaatlarini tan olamiz. Biz Turkiya va mahalliy hamkorlarimiz bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvlarni saqlab qolish masalasini muhokama qilishda davom etamiz”, deya xulosa qildi Rayder. 

AQSH Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays kecha, 23 noyabr kuni tarqatgan yozma bayonotida Suriya shimolidagi keskinlikni zudlik bilan yumshatishga chaqirgandi.  

“Biz mintaqani beqarorlashtiruvchi, IShIDga qarshi kurash bo‘yicha umumiy maqsadimizga tahdid soluvchi, tinch aholi va AQSH harbiy xizmatchilariga xavf tug‘dirayotgan so‘nggi jangovar harakatlardan chuqur xavotirdamiz. Turkiyaning terrorizm bilan bog‘liq qonuniy xavfsizlik xavotirlari borligini tushunamiz. Shu bilan birga, biz Suriyadagi keskinlashuv IShIDga qarshi kurash va chegaraning har ikki tomonidagi tinch aholi uchun qanday oqibatlarga olib kelishidan qattiq xavotirda ekanimizni doimiy ravishda izhor qilib kelganmiz”, deydi u.  

Operatsiya haqida

urkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an 22 noyabr kuni Suriya shimolida Anqara tomonidan terrorchi deb tan olingan Kurdiston ishchilar partiyasi (KIP) va u yerda joylashgan Xalq o‘zini o‘zi mudofaa kuchlariga qarshi transchegaraviy quruqlikdagi operatsiya o‘tkazish imkoniyatini maʼlum qildi. 

20 noyabr kuni Turkiyaning “Panjali qilich” havo operatsiyasi 50 dan ortiq samolyot va 20 ta dron ishtirokida boshlandi. Yerdan havo yordami artilleriya tomonidan taʼminlandi. Zarbalar KIP va uning Suriyadagi bo‘linmasi – “Xalq o‘zini-o‘zi mudofaa kuchlari”ning bazalariga berilgan. Turkiya Mudofaa vazirligi Iroq shimolidagi Qandil, Asos, Xakurk hududlari bilan bir qatorda Suriya shimolidagi Arap-Pinari, Tell Rifat, Jizre va Derik hududlarida operatsiya muvaffaqiyatli o‘tkazilganini maʼlum qildi.

Manba: "qalampir.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Теги: solyapti, AQSH, tahdid, Turkiya, Pentagon, qo‘shinlariga | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя