10:38 Toshkentda videosi orqali diniy adovat qo‘zg‘atgan erkakka jinoiy ish ochildi | |
Xabarga ko‘ra, fevral oyida ijtimoiy tarmoqlarda nomaʼlum shaxsning diniy adovat qo‘zg‘atuvchi mazmundagi tahdidli videomurojaati tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ushbu holat yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida mazkur videomurojaat muallifi 1990-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan fuqaro N.X. ekani aniqlandi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xulosasiga asosan ushbu videorolik ekstremizm g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan bo‘lib, diniy adovat keltirib chiqarishga xizmat qiladi va shu turdagi materiallarni O‘zbekiston hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlanadi. Yuqoridagi holat yuzasidan fuqaro N.X.ga nisbatan Yashnobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi uchinchi qismi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish, ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikasiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Manba: "daryo.uz"
| |
|