17:50 Toshkentda Afg‘onistondan olib o‘tilgan 53 kilodan ortiq giyohvand moddalar olib ketayotgan Matiz ushlandi | |
Jumladan, Toshkent shahrining Chilonzor tumani hududida Matiz to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan 2 nafar xorijiy fuqaroga tegishli 23 kilogramm 52 gramm “opiy” va 30 kilogramm 122 gramm “gashish” giyohvandlik vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu giyohvand moddalar afg‘onistonlik narkokuryerlar tomonidan kontrabanda yo‘li bilan O‘zbekistonga o‘tkazilgan. Boshqa bir holatda esa muqaddam xorijda og‘ir jinoyat sodir etgani uchun qamoq jazosini o‘tagan, Denov tumanida yashovchi, 1966-yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi Lacetti Termiz shahrida to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganda, unda ham afg‘onistonlik narkosavdogarlar tomonidan yuborilgan 39 kilogramm 520 gramm gashish moddasi borligi aniqlangan. Uchinchi holatda esa Denov shahrida yashovchi, muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyat sodir etgani uchun sudlangan, 1967-yilda tug‘ilgan shaxs o‘zining yashash xonadonida 2 kilogramm 396 gramm opiy moddasini kelgusida sotish maqsadida saqlab kelayotgani aniqlanib, o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirib olingan. Qayd etilishicha, o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 25 kilogramm 448 gramm opiy va 69 kilogramm 642 gramm gashish giyohvandlik vositalari musodara qilingan. Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Manba: "daryo.uz"
| |
|