Главная » 2022 » Ноябрь » 15 » Toshkent shahrida YUNESKOning mintaqaviy markazi ochiladi
20:06

Toshkent shahrida YUNESKOning mintaqaviy markazi ochiladi


Bugun, 15-noyabr kuni Toshkentda o‘tayotgan Kichik yoshdagi bolalarga tarbiya va ta’lim berish bo‘yicha Butunjahon konferensiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YUNESKO) Bosh direktori Odri Azule bilan uchrashuv o‘tkazdi.

O‘zbekiston bilan BMT tizimidagi ushbu nufuzli institut o‘rtasidagi konstruktiv va samarali hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

Sermahsul sheriklikning bugungi darajasi mamnuniyat bilan qayd etildi. Mamlakat dasturi va qabul qilingan “yo‘l xaritasi”ga muvofiq qo‘shma dastur va loyihalar amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimiz ilk bor Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish xalqaro qo‘mitasining a’zosi etib saylandi. Baxshichilik san’ati va lazgi raqsi nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritildi.

O‘zbekistonda tarixiy meros ob’yektlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha xalqaro maslahat qo‘mitasi faoliyati va Mintaqaviy gumanitar hamkorlik bo‘yicha “Xiva jarayoni” yo‘lga qo‘yildi.

YUNESKO, shuningdek, mamlakatimizning qishloq joylarida professional ta’lim tizimini rivojlantirishga texnik ko‘mak ko‘rsatmoqda.

Uchrashuvda Odri Azule O‘zbekistonda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, bolalarga tarbiya va ta’lim berish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholadi hamda ular, xalqaro miqyosda solishtirilganda, eng samarali bo‘layotganini ta’kidladi.

Bosh direktor maktabgacha ta’limni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan Toshkent xalqaro konferensiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi.

Yangi Mamlakat dasturini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Toshkent shahrida YUNESKOning mintaqaviy markazini ochishga, shuningdek, samarali hamkorlik doirasida qo‘shma tashabbus va ilg‘or loyihalarni ilgari surish bo‘yicha yangilangan “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash va qabul qilishga kelishib olindi.


Manba: "xabardor.uz"
Категория: Qiziqarli | | Теги: shahrida, markazi, mintaqaviy, ochiladi, YUNESKOning, toshkent | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя