18:02 Sobiq IIO xodimi hamshiraning sochidan tortib do‘pposlagani yuzasidan ma’lumot berildi | |
Ijtimoiy tarmoqlarda erkak kishi roddomda hamshiraning sochidan tortib sudrab chiqayotganligi aks etgan videoxabar tarqalgan edi. Bu haqda dastlabki rasmiy bayonot berildi. Aniqlanishicha, Farg‘ona viloyatining Oʻzbekiston tumani tibbiyot birlashmasining tugʻriq boʻlimida fuqaro M.S. tomonidan dunyoga keltirilgan, jinsi oʻgʻil chaqaloq, ya’ni 27-avgust kuni vafot etganligidan xabar topgan M.S.ning qaynotasi, fuqaro S.S. jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, tugʻriq boʻlimida ishlovchi akusher-ginekolog Yu.A.ning sochidan tortib, urib-doʻpposlab, tan jarohati yetkazgan. Mazkur holat yuzasidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijasiga koʻra, shu kunning oʻzida S.S. ga nisbatan Oʻzbekiston tumani IIB huzuridagi tergov boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 277-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan. Mazkur jinoyat ishi boʻyicha hozirda Fargʻona viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilgan va tergov yakuniga koʻra, ishga aloqador boʻlgan barcha shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berilgan. Shuningdek, fuqaro S.S. muqaddam ichki ishlar organlarida xizmat qilib, surunkali ravishda xizmat intizomini buzib, ichki ishlar organlari xodimlariga nomunosib xatti-harakatlar sodir etganligi uchun, salbiy sabablarga koʻra, 2002-yilda ichki ishlar organlaridan boʻshatilganligini ma’lum qilingan. Jinoyat ishining tergovi Fargʻona viloyati prokurori hamda Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi tomonidan alohida nazoratga olingan.
Manba: "xabardor.uz"
| |
|