Главная » 2016 » Декабрь » 7 » Siz - yagona va betakrorsiz! bunga ishonsangiz, bas!
18:50

Siz - yagona va betakrorsiz! bunga ishonsangiz, bas!


Zavqqa to‘la baxtli hayot kechirishni istasangiz, birinchi galda, o‘zingizga bo‘lgan ishonch hissini mustahkamlang. Buning uddasidan chiqish oson emas — muammo va mushkulotlar bo‘lishi tabiiy, albatta. Ammo hayot yanada yorqinroq mazmun kasb etishi uchun  kelajak sari dadil odimlash kerak!

 

Jur’atsizlikni yengish lozim

Biz, odamlar ajoyibmiz. Ishxonadagi hamkasblarni kuzatib, ba’zan hayron qoladi, kishi. Ayrimlar bor, salohiyati, tajribasi va bilimi jihatidan ko‘pchilikdan ustun tursa-da, ular faqat belgilangan ishnigina bajarib, pana-pastqamda o‘tiradigan, ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otmaydigan shaxslar hisoblanadi. Bunday xodimlarga rahbariyat ham ko‘p yumushlarni ishonib topshirmaydi. Negaki, o‘ziga past baho beradigan odamga boshqalar ham ishonch bildirmaydi. Yana shunday hamkasblarimiz borki, ular imijdan tortib, odamlar bilan muomalagacha — bari-barini qoyillatib qo‘yadi, hayiqmay katta-katta ishlarni o‘z zimmasiga oladi. O‘sha ishni bajargunicha ko‘plarni xunob qilsa-da, natijayu mukofot faqat uning nomiga yoziladi, qarsaklar ham uning sharafiga chalinadi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, o‘ziga ishonmaslikning birinchi belgisi omadsizlikdir.

Ba’zan esa do‘stlarga yoqmay qolishdan qo‘rqib, o‘z fikrini aytmay, boshqalarnikini ma’qullayverish ko‘pchilikning ixlosi qolishiga sabab bo‘lishi ham mumkin. Jamoada, majlisda diqqat-e’tiborga tushishdan uyalish, do‘konda o‘z huquqini talab qilishdan xijolat tortish, himoyaga muhtoj va haq odamni himoya qilishga jur’at topa olmaslik, oila buzilishiga sabab bo‘layotgan kamchiliklar xususida lom-mim deyolmaslik... Bunday paytlarda uyalish, tortinish tufayli kishi o‘zining tep-tekis hayotini o‘nqir-cho‘nqirga aylantirib yuborishi, omadi kulib turgan joyda og‘zidagi oshni oldirib qo‘yishi hech gap emas.

Manfaatdorlik kimga ham yoqmaydi, deysiz?!

Bir o‘ylab ko‘ring-a, nega hamma hayotda omadli, baxtli yashashni istaydi, o‘zidagi kamchiliklarni barataraf etishni chin dildan xohlaydi, ayniqsa, o‘zini sevish va qadrini baland bilishga harakat qiladi-yu, lekin jamiyatda zaif va qo‘rqoq odamlar kamaymaydi?

Ruhshunoslarning fikricha, agar odamning biror muammosi bo‘lsa (masalan, o‘ziga nisbatan ishonchsizlik)yu uni hal etishga harakat qilmasa, demak, u shundan manfaatdor. Nega deysizmi? Hozir tushuntiramiz: uyatchanlik, passivlik, beqarorlik, ko‘nuvchanlik, yaxshi ish, oylik topolmaslik, o‘z huquqini talab qilolmaslik — muammolarga yechim topmaslik uchun yaxshi bahona va bundaylar  mas’uliyatni boshqalarning zimmasiga yuklab, o‘zi uchun boshqalarni vasiy qilib oladi va xotirjam yashayveradi. Siz shundaylardan bo‘lishni istamasangiz, kamchiliklaringizdan, aniqrog‘i, o‘zingizdan qoniqmaslik hissidan forig‘ bo‘lishga harakat qiling!

                                                                             

O‘zingizga nisbatan haddan ziyod talabchansiz...

O‘ziga nisbatan talabchanlik haddan ortganida kishi o‘zini baxtsiz his qila boshlaydi. Shuning uchun zimmangizdagi zalvorni kamaytiring. Reja bo‘yicha ish tutib, muhim yumushlarni o‘z vaqtida uddalashga harakat qiling. Zero, hech nima qilmagandan ko‘ra, nimanidir bajargan ma’qul. Ba’zan, xato qilish, adashishga ham o‘zingizni ko‘ndiring. Bu keyinchalik kichik muammolarni hal qilib, katta marralar sari yo‘l olishingizda muhim asos vazifasini o‘taydi.

Tanqidga erk bermang!

Tanqid ham me’yorida bo‘lishi kerak. Hech birimiz, hatto eng katta tashkilot rahbari ham kamchiligu nuqsonlardan holi emas. Agar o‘zingizni allaqachon bo‘lib o‘tgan noxush voqea uchun tanqid qilayotgan bo‘lsangiz, yaxshisi, buni hammaga aytavermang, bir parcha qog‘ozga yozing. Xatolaringizni bosqichma-bosqich bayon etib, uni kelgusida qanday tuzatmoqchi ekaningizni qayd qilib boring va yozganlaringizga imkon qadar amal qiling!

 

Kichik test

O‘z-o‘zini rag‘batlantirish odamni ilhomlantirib, ko‘p ishlarga qodir bo‘lishini ta’minlaydi. Eng muhimi, bu bilan kamchiliklardan xalos bo‘lish ham mumkin. Deylik, biror ishni bajarib bo‘ldingiz (o‘quv kursini tugatgach, ishda biror loyihani yakunlagach). Xo‘sh, o‘zingizni qanday rag‘batlantirgan bo‘lardingiz?

1.     Qanchalar iqtidorliman! Qoyil!

2.     Agar chindan xohlasam, barini eplay olaman.

3.     Xudoga shukr, uddaladim!

4.     Bu qo‘limdan keldi!

5.     Yangi ish boshlash kerak.

6.      Va nihoyat hammasi tugadi!

7.     Mana, tugatdim ham, biror kamchiligi bo‘lsa-chi?

8.     Bajardim, lekin buni hech kim sezmadi.

9.     Kimgayam kerak edi, bularning hammasi?

1-2-variantlar: Siz har bir yutug‘ingizni bayram qila olasiz. Omadsizlik oldida bosh egmaysiz. Bu kayfiyat o‘zingizga bo‘lgan ishonchni saqlab qolishga yordam beradi.

3-4-5-6-variantlar: O‘z kuchingizga to‘laqonli ishonmaysiz. Doim o‘zgalardan maqtov kutib yashaysiz. Lekin payti kelganida buni inkor etasiz, go‘yoki, rag‘batga arziydigan ish qilmagandek tutasiz, o‘zingizni. Bunday ichki ziddiyatni yo‘q qilish uchun o‘zingizni ovoz chiqarib maqtang va rag‘batlantiring. Shunda yangi ish boshlash oson bo‘ladi.

7-8-9-variantlar: Siz o‘zingizdan juda ko‘p narsa talab qilasiz va imkoniyatlaringizni aniq baholay olmaysiz. Balki qoniqish hissini uyg‘otmaydigan ishlardan avvalboshdanoq voz kechgan ma’quldir? Undan ko‘ra, ko‘pchilikka foyda keltiradigan, qiziqarli ishlarga vaqt va kuch sarflang.

 

Fikringizni dadil ifodalang!

Jamoaga qattiq qarshilik ko‘rsatib emas, murosa yo‘li bilan taklif bildirishni o‘rganing. Fikringizni asosli dalillar bilan ifodalang. Ba’zan ichki xohishingiz boshqacha ekanini bildirib turing. Hammaga yoqqan kino sizga yoqmasa, aybdor emassiz. Unutmang, umumiy fikrlar ichida individual yondashuvga ega bo‘lishga haqlisiz.

 

O‘zingizni qadrlang!

O‘zingizni yaxshi ko‘ring, hurmat qila biling. Shunda o‘zgalar ham sizni qadrlashadi. O‘zingizdan vafodorroq, ichki olami o‘zingizdan ko‘ra go‘zalroq va hokisor odam bormi yana? Yo‘q, albatta. Bu siz — dunyodagi yetti milliard odam orasidagi yagona va betakror INSON!

Aziza QURBONOVA


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Maslaxatlar | | Теги: betakror, Ayol, Yagona | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя