12:10 Shaxmat: Oʻzbekiston terma jamoasi muddatidan avval jahon chempionatining chorak finaliga chiqdi | |
Isroilda shaxmat boʻyicha FIDE jamoalar oʻrtasidagi Jahon chempionati davom etmoqda. Unda ishtirok etayotgan Nodirbek Yakkuboev, Javohir Sindarov, Shamsiddin Vohidov, Jahongir Vohidov, Ortiq Nigmatov va Abdimalik Abdisalimovlardan iborat Oʻzbekiston terma jamoasi jahon chempionatining kecha, 3 va 4-tur oʻyinlari oʻtkazilib, Oʻzbekiston terma jamoasi muddatidan avval chorak final masalasini hal qildi. Kecha oʻtgan 3-tur bahslarda Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari AQSh vakillariga qarshi dona surdi. Unda 3 nafar oʻzbekistonlik shaxmatchi raqiblari bilan durang natijaga erishgan boʻlsa, Javohir Sindarov — Lazaro Bruzon uchrashuvida Sindorovning qoʻli baland keldi. Natija Oʻzbekiston-AQSh — 2,5-1,5 koʻrinish oldi. Shuningdek, ushbu turdagi markaziy oʻyinlardan biri Hindiston- Ozarbayjon oʻrtasida kechdi. Shaxriyor Mamedyarov yetakchiligidagi ozarbayjonliklar hind jamoasini 2,5-1,5 hisobida dogʻda qoldirdi va bu qaysidir maʼnoda hamyurtlarimizning yetakchi oʻringa chiqib olishiga hissa qoʻshdi. 4-turda Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari turnirning va guruhning eng kuchli jamoalaridan biri boʻlgan hindistonliklar bilan roʻbaroʻ keldi va shaxmat vatani vakillarini 3,5-0,5 hisobida magʻlub etdi hamda “B” guruhida yetakchiligini mustahkamlab oldi. Aynan ushbu yutuq hamyurtlarimizning bugun, 22-noyabr kungi oʻyinlari qanday yakun topishidan qatʼi nazar keyingi bosqichga chiqishini taʼminladi. “A” guruhidagi oʻyinlarda eng yuqori reytingga ega jamoa Fransiya kecha oʻtkazilgan 3-turda Ispaniya bilan durangga erishdi va umumiy ochkolar sonini 5 taga yetkazib oldi. Xitoy shaxmatchilari kutilmaganda Ukrainani 3:1 hisobida magʻlubiyatga uchratib, ochkolar sonini 8 taga yetkazgan holda guruh peshqadamligiga erishdi. Ushbu guruhda bahs yuritayotgan Isroil Polsha jamoasi bilan murosa yoʻlini tanladi. Ortda qolgan oʻyinlar sarhisobiga koʻra, “A” guruhida jamoalarning joylashuvi quyidagi koʻrinishni olgan. Xitoy-8 (13), Fransiya-5 (9,5), Ukraina-5 (9), Ispaniya — 4 (7,5) Niderlandiya — 2 (7,5), Janubiy Afrika – 0 (1,5). “B” guruhida esa Oʻzbekiston-6 (10), Ozarbayjon-5 (9), Isroil-4 (8), Hindiston 4- (7), Polsha — 3 (7,5), AQSH — 2 (6,5) ochkolarga ega boʻlib turibdi. “A” guruhida Niderlandiya-Ukraina, Fransiya-Xitoy va Janubiy Afrika Respublikasi-Ispaniya uchrashuvlari oʻtkaziladi. Jahon chempionatining gʻolib va sovrindor jamoalari 26-noyabr kuni aniqlanadi.
Manba: "xabardor.uz"
| |
|