17:39 Qozog‘istondagi yanvar tartibsizliklarida O‘zbekiston fuqarolari ham qatnashgani ma’lum bo‘ldi | |
Shuningdek, u qo‘lga olinganlar orasida buzg‘unchi diniy oqimlarga mansub bo‘lgan sakkiz kishi borligini ham aytdi. Bugun, 5-yanvar kuni Qozog‘iston bosh prokurori Berik Asilov va ichki ishlar vaziri Marat Axmetjanov quyi palatada yanvar voqealari yuzasidan surishtiruvning borishi haqida hisobot bermoqda. Avvalroq Asilov tartibsizliklar chog‘ida jami 238 nafar fuqaro halok bo‘lgani, ulardan 41 nafari muqaddam sudlanganlar bo‘lganini aytgandi. Qozog‘istondagi yanvar voqealari 2-yanvar kuni Qozog‘istonda ommaviy noroziliklar boshlandi. Bunga gaz narxining oshishi sabab bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay namoyishchilarning talablari siyosiy tus ola boshladi. Namoyishlardan keyin Qozog‘iston birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev ko‘plab davlat imtiyozlaridan mahrum bo‘ldi, uning qarindoshlari ham rahbarlik lavozimlaridan ketdi. Qozog‘istonda yil boshidagi hukumatga qarshi noroziliklar mamlakatning eng yangi tarixidagi eng kuchli zo‘ravonlik va qirg‘inni keltirib chiqardi. Hukumat “tashqaridan bo‘lgan tajovuz” va xorijda tayyorlangan “terrorchilar” “hujumlari” haqida ma’lum qildi, ammo ishonchli dalillarni keltirmadi. Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev xavfsizlik kuchlariga ogohlantirmasdan tekkizib otish haqida buyruq berganini o‘zi ma’lum qildi. Xavfsizlik kuchlari o‘t ochishi oqibatida, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 232 kishi halok bo‘lgan. Halok bo‘lganlar orasida bolalar ham, markaziy maydonlar yonidan o‘tib ketayotgan tasodifiy o‘tkinchilar ham, o‘sha kunlari blokpostlarga qo‘yilgan harbiylar ham bo‘lgan. Minglab odamlar qo‘lga olingan, yuzlab kishilar hibs ostida qiynoqlarga solingani va qattiq do‘pposlanganidan shikoyat qilgan. Hukumat, huquq himoyachilarining qurbonlar ism-shariflarini e’lon qilib, ular qanday holatlarda o‘lim topgani haqida ma’lumot taqdim etishga oid da’vatlariga qaramay, halok bo‘lganlar ro‘yxatini e’lon qilmadi. Xalqaro huquqni himoya qilish tashkilotlari Ostonani adolatli va shaffof surishtiruv o‘tkazib, xalqaro ekspertlarni taklif etishga chaqirdi, Ostona bu da’vatlarni rad etdi. To‘qayev Qozog‘iston yanvar voqealarini ochiq-oshkora tekshirayotgani, xalqaro ekspertlarni taklif qilishga zarurat yo‘qligini aytdi. “Tergov vakolatli organlar tomonidan puxta va batafsil olib borilmoqda. Hozir qo‘limiz ostida mavjud bo‘lgan materiallarning barchasi bosh prokuratura tomonidan e’lon qilib borilmoqda, jamiyatimizga nisbatan yoki jamiyatimiz uchun sir bo‘lgan narsalar yo‘q”, — dedi To‘qayev. Prezident bergan ma’lumotga ko‘ra, yanvar voqealari bo‘yicha 5,5 mingta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, shularning 500 tasi sudga yuborilgan.
Manba: "daryo.uz"
| |
|