16:00 “Qizimga uy emas, qabr sotib oldim”: Turkiyadagi zilzilada mo‘jizaviy tarzda tirik qolganlar va halok bo‘lganlar hikoyasi | |
Turkiyaning Xayrulloh tumanida jurnalistlar vayron bo‘lgan uylardan birining yonida yig‘layotgan mahalliy fuqaro Nalan Shimshekni uchratdi. Ayol zilzila yuz berishidan uch kun oldin qiziga uy sotib olganini aytdi. “Qizimga uy emas, qabr sotib oldim. Zilziladan oldin u menga qo‘ng‘iroq qildi. Yotoqxona to‘plamini sotib olganini aytib, meni hayron qoldirmoqchi bo‘ldi. Shundan so‘ng dush qabul qilib, yotishini aytdi. Endi esa qizim yo‘q”, — deydi ayol. Hozircha qizning taqdiri haqida hech narsa ma’lum emas. Hozirda butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holatda qidiruv ishlari olib borilmoqda. Biroq qutqaruv guruhlari hali yetib kelmagan hududlar ham bor. Zilzila yuz bergan hududlarda qor yog‘ishi va havoning keskin sovishi qutqaruvchilar ishiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Sovuq havo boshlanishidan oldin omon qolganlarning maksimal sonini saqlab qolish uchun jamoalar imkon qadar tezroq ishlagan. Zilziladan so‘ng Turkiya janubi-sharqidagi Diyarbakir viloyatiga bir necha o‘nlab qidiruv-qutqaruv guruhi jo‘natildi. Qutqaruvchilar binolardan birini o‘rganish chog‘ida yosh yigitni topdi. “Vayronalar ostida opam bor, uning ahvoli yaxshi. Shuningdek, akam ham u yerda, ovozini eshityapsizmi?”, — dedi u qutqaruvchilarga. Menderes hududida vayronalarni tozalash bilan shug‘ullanayotgan qutqaruvchilar vayronalar ostidan eshitiladigan tovushlarga e’tibor qaratgan. Keker-Sitesidagi 10 qavatli bino xarobalari ustida ish olib borarkan, jamoalar 15 oylik chaqaloqni qutqargan. U vayronalar ostida 31 soatcha qolgan. Chaqaloqqa birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, shifoxonaga yetkazilgan. Taxminlarga ko‘ra, uning onasi hamon vayronalar ostida, qutqaruvchilar uni tirik topish umidini uzmayapti. Hatto Qahramonmarashning o‘zida ham qutqaruvchilar omon qolganlarni topishga muvaffaq bo‘lmoqda. Zilziladan bir kun o‘tib vayronalar ostidan topilgan 14 yoshli o‘smirning qutqarilishi mo‘jiza deb ataldi.
Manba: "daryo.uz"
| |
|