12:00 Qariyb 300 million so‘m masjid pullarini o‘zlashtirgan imom-xatib 5 yilga qamaldi | |
Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax viloyat sudining sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining navbatdagi ochiq sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda sudlanuvchi (ism-shariflari o‘zgartirildi) R.Qo‘shshayevning apellyatsiya tartibidagi shikoyati ko‘rib chiqildi. R.Qo‘shshayev O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, millati o‘zbek, ma’lumoti o‘rta, oilali, 3 nafar farzandning otasi. Unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga ko‘ra 2 yil muddatga diniy muassasalarda ishlash huquqidan va 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan edi. Qayd etilishicha, sudlanuvchi R.Qo‘shshayev 2013-yil 13-iyuldan Jizzax shahar “Obod” mahallasi hududida joylashgan “Imom Buxoriy” jome masjidi imom xatibi vazifasida ishlab kelgan. Ammo u ish jarayonida o‘ziga ishonib topshirilgan o‘zganing mol-mulkini o‘zlashtirish darajasiga borib yetgan. R.Qo‘shshayev 1998-yil 23-iyunda tasdiqlangan “Imom Buxoriy” masjidi ustavi hamda O‘zbekiston Musulmonlar idorasining 2021-yil 19-yanvardagi “Masjidlarda naqd pul mablag‘lari aylanmasining oldini olish hamda ehson qutilaridan foydalanishni tartibga solish xususida”gi 01A/08-sonli buyruq talablariga rioya qilmagan. Buning natijasida A.Burxonov tomonidan masjid uchun xayriya qilingan va ya’ni masjidni qaytadan qurish ishlarini boshlash uchun berilgan 190.000.000 so‘m xayriya pullari masjid hisob raqamiga kirimlarida qayd qilinmagan. Bu pul mablag‘larini imom-xatib o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilib yuborgan. “Beli og‘rimay topgan pullarining mazasi uni yana jinoyat sari yetakladi. Endi u “Bahor plastics” MCHJ rahbariyati tomonidan xayriya qilingan 30.000.000 so‘mlik kir yuvish kukunlaridan tushgan pullarni masjid hisob raqamiga kirim qilishni xayoliga ham keltirmadi. Qing‘ir ishning qiyig‘i qirq kunga qolmay chiqishini, bu pullar keyin boshiga balo bo‘lishini o‘ylab ham qo‘rmadi. R.Qo‘shshayev J.Qosimov bilan anchadan buyon tanish edi. Uni ham masjid qurilishi uchun moddiy yordam berishga ko‘ndirgan imom xatib osongina 5 000 AQSH dollarini qo‘lga kiritdi. Bu pullar ham masjid hisob raqamiga kirim qilinmadi, uning nafsi uchun xizmat qildi”, – deyiladi xabarda. Sud kursisiga o‘tirishga majbur bo‘lgan sudlanuvchi R.Qo‘shshayev o‘z shikoyatida, birinchi instansiya sudi ishni bir tomonlama ko‘rib chiqqanligi, oilaviy ahvoli, qaramog‘ida voyaga yetmagan farzandlari borligini inobatga olib, ishni adolatli ko‘rib chiqishni so‘ragan. Shuningdek, u mazkur masjidda to‘qqiz yildan buyon mehnat qilishi, masjidga ko‘p mehnati singgani, unga qo‘yilgan ayblovga to‘liq iqror emasligini bildirgan. Sudlanuvchining sud hukmida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir qilganligi sud majlisida so‘roq qilingan jabrlanuvchilar va guvohlarning ko‘rsatuvlari, arizalari, tushuntirish xatlari, SMS yozishmalaridan nusxalar, jinoyat ishida to‘plangan dalillar bilan to‘liq o‘z tasdig‘ini topgan. Birinchi instansiya sudi dalillar va asoslarga tayanib, uning jinoiy harakatini O‘zbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi 3 qismi “a” bandi bilan to‘g‘ri kvalifikasiya qilinganligi to‘g‘risida to‘xtamga keldi. Xulosalar natijasiga ko‘ra, unga JKning 45-moddasiga asosan muayyan huquqidan mahrum qilish qo‘shimcha jazosini qo‘llagan holda, JKning 167-moddasi 3-qismi sanksiyasi doirasida ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Yuqoridagilarga ko‘ra, apellyatsiya instansiya sudi, sud hukmini o‘zgarishsiz, shikoyatni qanoatlantirishsiz qoldirishni lozim topgan.
Manba: "xabardor.uz"
| |
|