Главная » 2020 » Октябрь » 2 » Putinni koronavirusdan himoya qilish uchun misli ko‘rilmagan xavfsizlik choralari ko‘rilmoqda
18:36

Putinni koronavirusdan himoya qilish uchun misli ko‘rilmagan xavfsizlik choralari ko‘rilmoqda


So‘nggi kunlarda Rossiya prezidenti Vladimir Putin jamoatchilik orasida tez-tez ko‘rinish bermoqda. Davlat rahbari Novo-Ogarevo qarorgohi hamda Kremlda yuqori martabali amaldorlarni qabul qilmoqda. V.Putin avgust — sentyabr oylarida 22 ta tadbirda bevosita ishtirok etdi. Bu hol Rossiya yetakchisi karantindan avvalgi odatiy tartibga qaytmoqda degan tasavvur uyg‘otishi mumkin. Ammo OAV surishtiruvlariga ko‘ra, Rossiya rahbarini koronavirusdan himoya qilish uchun joriy yil mart oyida joriy etilgan xavfsizlik choralariga hali ham og‘ishmay amal qilinmoqda.

Davlat rahbarini koronavirusdan muhofaza etish uchun mart oyidan beri misli ko‘rilmagan ehtiyot choralari ko‘rilmoqda.

Avval xabar berganimizdek, V.Putin joriy yil 24-mart kuni Moskvaning Kommunarka mavzesidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga borgan va bosh shifokor Denis Protsenko bilan qo‘l berib ko‘rishgan edi. Ushbu tashrifdan bir necha kun o‘tib, bosh shifokor D. Protsenko koronavirus yuqtirib olgani ma’lum bo‘ldi. Ushbu hodisa ortidan Putin turli majlislarni bekor qilib, masofadan turib ishlashga o'tdi.

V.Putin asosiy vaqtini o‘tkazayotgan poytaxt Moskvaga yondosh Novo-Ogarevo qarorgohida koronavirusga qarshi maxsus tunnel o'rnatilgan.

BBC suhbatdoshlariga ko‘ra, prezident qabuliga kirishi ko‘zda tutilgan shaxs qanday lavozimda bo‘lishi va davlat rahbariga qanchalik yaqinligidan qat’i nazar majburiy ravishda ikki haftalik karantin muddatini o‘taydi. Federal agentlik rahbarlari, hatto Hisob platasi raisi Aleksey Kudrin, «Rosneft» rahbari Igor Sechin ham 14 kunlik karantinda bo‘lgan. Izolyasiya muddati uyda emas, balki maxsus tibbiy guruh nazoratidagi sanatoriyda o‘taladi.

Bundan tashqari, prezident bilan uchrashishi kerak bo‘lgan barcha shaxslar istisnosiz SOVID-19’ga test topshiradi. Prezident ma’muriyati xodimlaridan ham har hafta virusni aniqlash uchun namuna olinadi. Qo‘lida uch kunlik test natijasi bo‘lmagan mas’ullar davlat rahbari qarorgohiga qo‘yilmaydi.

Prezident ko‘pchilik bilan ko‘rishi lozim bo‘lgan holatlarda esa qat’iy ravishda iijtimoiy masofaga rioya qilinadi. Masalan, V.Putin 23-sentyabr kuni Federatsiya kengashi a’zolari bilan muloqot qildi. Ushbu uchrashuvda davlat rahbari senatorlarga yaqin kelmagani, balki oraliq masofani saqlaganini ko‘rish mumkin.

Yordamchi, tansoqchi, uchuvchi kabi yaqin xizmatchilar ham mart oyidan beri Novo-Ogarevo qarorgohida ihotalangan sharoitda yashab kelmoqda. Hozircha ularning uyiga borishi maqsadga muvofiq emas deb hisoblanmoqda.

Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham karantin bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilayotganini qisman bo‘lsa-da tan oldi.

«Men qisman tasdiqlashim mumkin. (Prezident bilan uchrashadigan shaxslardan) kimdir ikki haftalik, kimdir bir necha kunlik karantin muddatini o‘taydi, yana kimdir karantinsiz uchrashadi», — deydi D.Peskov.

Kreml voiziga ko‘ra, har bir shaxsga nisbatan koronavirusga qarshi ehtiyot choralari individual tarzda belgilanadi.

Oxirgi paytlar Rossiyada, xususan, poytaxt Moskvada epidemiologik vaziyat yomonlashgani haqida xavotirli xabarlar ko‘paydi. Tahlilchilarga ko‘ra, bunday sharoitda prezident Putin kelgusi yil bahorga qadar izolyasiya muhitida faoliyat yuritishi mumkin.


Manba: "xabar.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Теги: Putinni, choralari, ko‘rilmoqda, misli ko‘rilmagan, himoya qilish, xavfsizlik, koronavirusdan | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя