18:21 Orlovdagi O‘zbekistonlik migrantlarga urushga chaqiruv qog‘ozi yuborilganiga izoh berildi | |
Qayd etilishicha, 26 nafar O‘zbekiston fuqarosiga safarbarlik chaqiruvi texnik xato tufayli yuborilgan va hujjatlar harbiy komissariyatda tekshirilgandan so‘ng chaqiruv qog‘ozi qaytarib olinib, masala hal etilgan. Bu maʼlumotni korxona rahbariyati va respublika fuqarolari tasdiqlagan. “Qisman safarbarlik eʼlon qilingani munosabati bilan O‘zbekiston fuqarolari tomonidan texnik xatolar bo‘yicha chaqiruv qog‘ozlari olish holatlari mavjudligini maʼlum qilamiz. Odatda, barcha bunday hollarda safarbarlik chaqiruvi hujjatlar tekshirilgandan so‘ng qaytarib olinadi”, deyiladi elchixona xabarida. Elchixona shunga o‘xshash vaziyatlarda O‘zbekistonning Vladivostok, Novosibirsk, Qozon, Yekaterinburg, Sankt-Peterburg, Rostov-na-Donu kabi joylardagi Bosh konsulligi yoki O‘zbekiston elchixonasining Moskvadagi konsullik bo‘limiga murojaat qilishni yoki harbiy komissarlik vakillariga amaldagi shaxsni tasdiqlovchi hujjat bilan mustaqil ravishda murojaat qilishni so‘ragan. Eslatib o‘tamiz, Orlovdagi “EkoSiti” aksiyadorlik jamiyati chiqindilarni qayta ishlash korxonasi xodimlari safarbarlik uchun chaqiruv qog‘ozi olishgani haqida xabar berilgan edi. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ushbu holat nazoratga olinganini va tashkilot rahbariyati hamda fuqarolar bilan aloqa o‘rnatilib, voqea joyiga yo‘l olinganini maʼlum qilgandi.
Manba: "xabardor.uz"
| |
|