Главная » 2023 » Июнь » 3 » O‘zbekistonliklar hayotida 1 iyundan nimalar o‘zgaradi?
17:55

O‘zbekistonliklar hayotida 1 iyundan nimalar o‘zgaradi?


Joriy yilning 1 iyunidan boshlab O‘zbekistonda bir qancha qarorlarda belgilangan tartiblar kuchga kiradi. QALAMPIR.UZ milliy qonunchilikdagi o‘zgarishlar ro‘yxatini taqdim etadi.

Tug‘ilganlik haqida ma’lumotnoma “roddom”da beriladi

Endi tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma FHDYO bo‘limlarida elektron usulda qayd etilib, tibbiyot muassasalarining o‘zida beriladi. Bola tug‘ilishi bilan tibbiyot muassasasi u va ota-onasi haqidagi ma’lumotlarni maxsus elektron blankaga kiritadi va avtomatik ravishda FHDYO bo‘limiga axborot tizimi orqali yuboradi. Shundan so‘ng FHDYO bo‘limi tug‘ilganlikni qayd etib, QR-kod qo‘yilgan tug‘ilganlik haqidagi ma’lumotnomani tibbiyot muassasasiga jo‘natadi. Tibbiyot muassasalari ma’lumotnomani bolaning ota-onasiga taqdim etadi.

Guvohnomani esa fuqarolar istalgan vaqtda murojaatlariga asosan FHDYO bo‘limlari tomonidan rasmiylashtirib beriladi.

“To‘maris izdoshlari” jamoaviy guruhlari tashkil qilinadi

Yoshi 18 dan kichik va 30 dan katta bo‘lmagan, umumiy o‘rta yoki o‘rta maxsus ma’lumotli, biriktirilgan hududda doimiy yashovchi hamda muloqotga kirishuvchan va tashkilotchilik qobiliyatiga ega xotin-qizlarni ko‘ngilli asosda jalb qilish orqali “To‘maris izdoshlari” jamoaviy guruhlari faoliyati tashkil etiladi.

Mazkur guruhlarning asosiy vazifalaridan biri o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan qizlarning xulq-atvoriga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan hamda ularning huquq va manfaatlari buzilishi bilan bog‘liq masalalarni aniqlashda ko‘maklashish hisoblanadi.

Vafot etgan harbiylar oilalariga qo‘shimcha imtiyozlar beriladi

Halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) farzandlari maktabgacha ta’lim muassasalarida bepul tarbiyalanishi, shuningdek, professional va OTMda davlat granti asosida qo‘shimcha kvotalar bo‘yicha ta’lim olishi ta’minlanadi.

Halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) ota-onalariga yiliga 2 marta temir yo‘l va havo transportidan bepul foydalanish huquqi beriladi.

Qishloq xo‘jaligi sohasida subsidiya berish axborotlashtiriladi

Qishloq xo‘jaligi sohasidagi barcha subsidiyalar “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga subsidiya berish” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.

“Yashil sertifikatlar” tizimi ishga tushadi

O‘zbekistonda mahsulotlarni ishlab chiqarishda ekologiyaga ta’sirni cheklash bo‘yicha talablar asosida “yashil sertifikatlar” tizimi joriy etiladi.

Ayrim tartib va cheklovlar bekor qilinadi

Mulkiy huquqlarning ishonchli himoyasini ta’minlash, ushbu huquqlarni cheklayotgan omillarni bartaraf etish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida quyidagilar bekor qilinadi:

to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar jismoniy shaxslar o‘rtasida pul o‘tkazmalari amalga oshirilganda, ularga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun elektron hisobvaraq-fakturalar taqdim etish va rasmiylashtirish tartibi;

chakana savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarining faoliyat ko‘rsatish vaqtiga nisbatan cheklovlar.

O‘zbekistonda alkogol mahsulotlarining narxi oshadi

Qaror bilan alkogol mahsulotlari (pivodan tashqari) uchun yangilangan eng kam ulgurji-sotish va chakana narxlar belgilanmoqda:

vino – 14 400 so‘m va 16 400 so‘m (avval 12 000 so‘m va 14 200 so‘m);
konyak – 57 400 so‘m va 66 000 so‘m (ilgari 48 200 so‘m va 57 800 so‘m);
aroq va boshqa alkogol mahsulotlari – 37 000 so‘m va 43 000 so‘m (ilgari 30 200 so‘m va 36 200 so‘m).

Manba: "qalampir.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: nimalar, hayotida, 1 iyundan, o‘zgaradi?, O‘zbekiston | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя