Главная » 2023 » Июнь » 8 » O‘zbekistonda yana tergovga chaqirilgan shaxs vafot etdi. Tuman IIB boshlig‘i bo‘shatilib, ikki kishi hibsga olindi
17:17

O‘zbekistonda yana tergovga chaqirilgan shaxs vafot etdi. Tuman IIB boshlig‘i bo‘shatilib, ikki kishi hibsga olindi


Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida IIB tomonidan tergovga jalb etilgan fuqaro vafot etdi. Uning o‘limidan so‘ng voqeaga aloqador bo‘lgan 2 nafar tezkor xodim hibsga olindi, shuningdek, tuman IIB boshlig‘i A.Babaxanov va boshqa mas’ul shaxslar lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilning 4 iyun kuni Ichki ishlar vazirligi Navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga ko‘ra, Toshkent viloyati Bo‘ka tumani hududida fuqaro U.S. bir qator o‘g‘irlik jinoyatlarini sodir etishda gumonlanib, Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida 3 iyun kuni tergovga jalb etilgan. Yuqorichirchiq tumanida yashovchi 1987 yilda tug‘ilgan mazkur shaxsning himoyachisi ishtirokida Bo‘ka tumani IIB tergov xonasida videoyozuvga to‘liq yozib olingan holda so‘roq qilingan.

Gumonlanuvchi U.S. soat 19:00 da Jinoyat-protsessual kodeksining 227-moddasi bilan protsessual tartibda ushlangan va Bo‘ka tumani IIBdagi “Fuqarolarni vaqtincha saqlash xonasi”ga joylashtirilgan.

Ma’lum qilinishicha, shu kuni soat 23:30 larda gumonlanuvchi U.S.ning sog‘lig‘i yomonlashgani sababli tez-tibbiy yordam xizmati chaqirtirilib, shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan muolajalarga qaramasdan shifoxonada vafot etgan.

Holat yuzasidan Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Ya.Abdulxakov, IIV Shaxsiy xavfsizlik xizmati hamda viloyat prokuraturasi xodimlaridan iborat ishchi guruh voqea joyiga chiqib, vaziyat o‘rganilib, voqea joyi ko‘zdan kechirilgan va ishga aloqador xodimlarning ko‘rsatmalari olingan.

Aniqlanishicha, 3 iyun kuni soat taxminan 22:00 larda gumonlanuvchi U.S. Bo‘ka tumani Jinoyat qidiruv bo‘limining tezkor xodimlari tomonidan protsessual tartib buzilgan tarzda maxsus so‘rov xonasiga emas, balki xizmat xonasiga olib chiqilib, u bilan boshqa jinoyatga aloqadorligi bo‘yicha surishtiruv o‘tkazilgan. Jarayonda fuqaroning sog‘lig‘i yomonlashib, keyinchalik o‘limi yuz bergan (Vazirlik tomonidan mazkur holat aks etgan video e’lon qilinmadi).

Tayinlangan birlamchi sud-tibbiy ekspertizasining tashxisiga ko‘ra U.S.ning tanasida tan jarohatlari borligi aniqlangan.

Holat yuzasidan Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 235-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, voqeaga aloqador bo‘lgan 2 nafar tezkor xodimlar J.D. va G‘.Sh.lar hibsga olingan.

Xolis tergov va tekshiruvni ta’minlash maqsadida, Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan xizmat vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan Bo‘ka tumani IIB boshlig‘i A.Babaxanov, uning birinchi o‘rinbosari V.Xudayqulov, jinoyat qidiruv bo‘limi rahbari J.Subanov, tergov bo‘limi boshlig‘i J.Achilov, shuningdek navbatchilik qismi mas’uli Sh.Ibragimov egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Bundan tashqari, mazkur salbiy holatga aloqador bo‘lgan tezkor xodimlar J.D. va G‘.Sh.lar ichki ishlar organlari tizimidan bo‘shatilgan.

Shuningdek, Vazirlikning markaziy apparati hamda Toshkent viloyati IIBB mas’ul rahbarlari va boshqa xodimlarining harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Vazirlikning bildirishicha, qonunchilikka muvofiq, ichki ishlar organlari xodimlarining qonunbuzarlik xatti-harakatlariga huquqiy baho berish prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilishini inobatga olgan holda barcha materiallar prokuratura organlariga to‘liq taqdim etiladi va holatga xolisona baho berish maqsadida ular bilan yaqindan hamkorlik qilinadi.

Hozirda ishga aloqador tezkor xodimlar o‘z jinoiy qilmishlarini rad etayotgan bo‘lsalarda, marhum U.S. tanasida tan jarohatlari borligini hisobga olib prokuratura tomonidan qo‘shimcha gistologik (ichki organlar va to‘qimalardagi jarohat vaqti va darajasini aniqlash bo‘yicha) ekspertizasi tayinlangan. Mazkur ekspertiza ma’lum muddat talab qiladi va uning xulosasi va to‘plangan dalillar bo‘yicha xodimlarning jinoiy javobgarlik masalasi ko‘rib chiqiladi.

“Ichki ishlar vazirligi insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligini ta’minlanishiga so‘zsiz javobgardir. Shaxsga nisbatan qiynoq qo‘llanilishi, zo‘ravonlik yoki boshqa tarzda g‘ayriinsoniy munosabatda bo‘lishi vazirlik tomonidan qattiq qoralanadi va bunga yo‘l qo‘ygan barcha xodimlar qonun oldida qat’iy javob beradi”, deyilgan xabarda.

Ichki ishlar vazirligi rahbariyati, ichki ishlar organlari xodimlari bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha marhumning oila a’zolari hamda yaqinlariga ta’ziya bildirgan. Vazirlik mazkur fuqaroning vafot etgani munosabati bilan cheksiz taassufda ekanini qayd etgan.

Bosh prokuratura Matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov holat bo‘yicha ma’lumot berib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini bildirdi. 

“Bo‘ka tumanida tergovga jalb qilingan gumonlanuvchi shaxsning vafoti bilan bog‘liq holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 235-moddasi (Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Voqeaga aloqador bo‘lgan 2 nafar tezkor xodim hibsga olindi. Tergov harakatlari davom etmoqda”, deydi Bosh prokuratura vakili.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahri Chilonzor tumani IIO FMBga olib kelingan 21 yoshli yigit vafot etgandi. Ichki ishlar vazirligi bergan ma’lumotlarga ishonadigan bo‘lsak, yigit tergovdan qochish maqsadida binoning 4-qavatida joylashgan hojatxona derazasidan pastga sakrab, vafot etgan. Holat bo‘yicha ichki ishlar organlari xodimlarining xatti-harakatlariga baho berish maqsadida xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgani ma’lum qilingandi. 

Manba: "qalampir.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: tergovga, shaxs, O‘zbekiston, bo‘shatilib, vafot, yana, etdi, ikki kishi hibsga olindi, chaqirilgan, tuman, IIB, boshlig‘i | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz