20:44 O‘zbekistonda dabdabali to‘ylar davom etmoqda! Navbatdigisi Rashid Xoliqovning o‘g‘liniki bo‘ldi | |
O‘zbekistonda to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar va ma’raka marosimlarini ortiqcha dabdaba va shuhratparastlikdan holi o‘tkazish hukumat darajasiga ko‘tarilganiga ancha bo‘ldi. Davlat rahbari 2017 yilning 3 avgust kuni O‘zbekiston ijodkor ziyolilari bilan o‘tkazgan yig‘ilishida ilk bor ushbu masalaga katta minbardan turib e’tibor qaratgani, eng og‘riqli nuqtalarga to‘xtalib, g‘arbdan kirib kelgan "ommaviy madaniyat" niqobi ostidagi odatlarni tanqid qilganidan so‘ng to‘ylarni dabdabadan holi o‘tkazish O‘zbekistonda kun tartibiga chiqdi. O‘shanda Prezident Shavkat Mirziyoev Bosh vazir Abdulla Aripovga bir oy muddatda to‘ylarni tartibga solish bo‘yicha Prezident qarori loyihasini taqdim etishni topshirgan edi. Shundan so‘ng, Prezident Shavkat Mirziyoev Olmaliq shahriga amalga oshirgan tashrifi davomida bundan buyon to‘ylar qanday tartibda o‘tishi bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berib, "Olmaliq shahar tajribasi"ni amalga tatbiq etish haqida gapirdi. Biroq hamon dabdabaning ortidan quvayotganlar yo‘q emas. Ularni ayblash fikridan yiroqmiz. Yillar davomida to‘plagan davlatini o‘zi istaganidek sarflagisi keladi. Orzu-havaslari to‘y kuni ushalashini xohlaydi. Axir yillar davomida bu kunni orziqib kutadi. Shundaylardan biri O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rashid Xoliqov bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Kecha, 7 aprel kuni Rashid Xoliqov o‘g‘li Islomni uylantirayotgani haqida xabar bergan edik. To‘y Toshkentdagi eng qimmatbaho restoranlardan biri "Yakkasaroy"da bo‘lib o‘tdi. To‘yda qatnashganlarning ma’lum qilishicha, "Yakkasaroy" restorani shu kuni avvalgidan ancha farqlangan. To‘y uchun maxsus dekoratsiya yasalgan. Osma qandillar, turli chiroqlar, gullar... Aytishlaricha, boshqa to‘ylardagidan farqli alohida stullar ijaraga keltirilgan. Bu stullarning 8 mart - Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan hukumat tarafidan "O‘zekspomarkaz" ko‘rgazmalar majmuasida o‘tkazilgan tantanali marosimdagi stullarga juda o‘xshashligi, dekoratsiyadagi ba’zi detallarda ham takrorlanish borligi aytilmoqda. Taxmin qilishlaricha, buning uchun bir necha ming AQSh dollari sarflangan. To‘y uchun yaratilgan Love Story’da esa Rashid Xoliqov, uning turmush o‘rtog‘i Saida, o‘g‘li Islom va kelini Fayruza ishtirok etgan. Love Story’da ular "Mahallada duv-duv gap" filmi qahramonlari obrazida gavdalanishgani ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video va suratlardan ma’lum. Bunga o‘xshash to‘ylar, hatto, bundanda dabdabali to‘ylar O‘zbekistonda birinchi bor o‘tkazilayotgani yo‘q. O‘tgan yil oxirlarida "O‘zekspomarkaz" pavilonida shunday dabdabali ikkita to‘y o‘tkazilib, unda xorijlik san’atkorlar ham ishtirok etgandi. Bulardan biri rossiyalik milliarder Alisher Usmonov oilasiga tegishli bo‘lgan.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|