18:48 O‘zbek kinoijodkorlari xalqaro kinofestivalda 4 ta mukofotga sazovor bo‘ldi | |
Belarus poytaxtida 7-11-noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan Listapad xalqaro kinofestivali o‘z yakunlarini sarhisob qildi. Ushbu kinofestivalda jami 40 dan ortiq davlat va 100 ga yaqin filmlar ishtirok etdi. Yakunlash marosimida O‘zbekiston 4 ta xalqaro mukofotga sazovor bo‘ldi. Listapad kinofestivalining “Eng yaxshi rejissyor uchun” mukofoti Shuhrat Mahmudovning “Matonat” hujjatli filmiga topshirildi. Film Ikkinchi jahon urushi yillarida Germaniyaning “Amersfort” lageridagi 101 nafar o‘zbekistonlik askarlarning jasorati va shijoatiga bag‘ishlangan. Rejissyor Dilmurod Masaidov tomonidan suratga olingan “Ayol qismati” badiiy filmi “Insonparvarlik va umuminsoniy qadriyatlar mavzusining dolzarbligi uchun” nominasiyasida maxsus mukofotga sazovor bo‘ldi. Film Suriyada jangarilar tomonidan aldanib, ozodlik sari qiyin yo‘lni bosib o‘tgan ayol haqida hikoya qiladi. Yosh kinorejissyor Akrom Shahnazarov tomonidan suratga olingan “101 reys” badiiy filmi esa davlatlararo “Mir” teleradiokompaniyasining “Kino tili – do‘stlik tili” nominasiyasining maxsus mukofoti bilan taqdirlandi. MDH davlatlari kinematograflarining ishchi yig‘ilishida O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov MDH Ijroiya qo‘mitasining “MDHga a’zo davlatlar kinematografiya sohasidagi hamkorligini rivojlantirishga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun” diplomi bilan taqdirlandi. Qo‘shimcha qilish joizki, O‘zbekiston MDH davlatlari orasida ishlab chiqarilayotgan qo‘shma mahsulotlar soni bo‘yicha yetakchi deb tan olingan. Aynan shuning uchun ham Minskda bo‘lgan Kinematografiya rahbarlari yig‘ilishida MDH davlatlari kinematograflari xalqaro ijodiy alyansi shtab-kvartirasini O‘zbekiston raisligida Toshkent shahrida joylashtirish to‘g‘risidagi qaror bir ovozdan qabul qilindi.
Manba: "xabardor.uz"
| |
|