Главная » 2022 » Июль » 29 » “Oʼqishga kirishni 45 yil orzu qildim” — 64 yoshida talaba boʼlgan ayol
10:34

“Oʼqishga kirishni 45 yil orzu qildim” — 64 yoshida talaba boʼlgan ayol


Farida Hoshimova 64 yoshida talabalik baxtiga muyassar boʼldi. Pensiya yoshida oʼqishga kirish ham, uni davom ettirish ham oson emasligi aniq. U nega keksayganda oʼqishga kirishga qaror qilgani, uydagilarining qarshiligini qanday yenggani haqida Kun.uz'ga hikoya qilib berdi.

“Maktab davridan rosa oʼqishga hujjat topshirganman, lekin…”

— 1958 yil Аndijon viloyati Jalaquduq tumanida oddiy ishchi oilasida tugʼilganman. Otam haydovchi, onam uy bekasi boʼlgan. Otam oʼtib ketgan, onam hayot, 85 yoshni qoralab qoʼygan. Oilada 9 farzandmiz, men toʼngʼich qizman. Yoshligimdan kitob oʼqishga, qoʼshiq aytishga qiziqardim. Onam xalq ogʼzaki ijodini juda yaxshi biladigan, koʼp kitob oʼqiydigan ayol boʼlgan va bu menga taʼsir qilmay qolmagan.

Maktab davridan fan olimpiadalariga qatnashib yuradigan bilimli qiz edim. Lekin negadir omadim chopmadimi, hech oʼqishga kirolmaganman. Nima boʼlsa ham umidsizlikka tushmadim, 1978 yilda Аsaka shahridagi maktabgacha tarbiya pedagogika bilim yurtiga kirdim. 1980 yil bu yerni imtiyozli diplom bilan tugatdim. Keyin qoʼshnimizga turmushga chiqdim. Juda yaxshi oila boʼlgani uchun ancha-muncha armonlarim ham ortda qoldi.

“Oilali boʼlganimdan keyin turmush oʼrtogʼim oʼqishga ruxsat bermadi”

— Hozir 3 nafar farzandimiz bor. Ularning hammasini uyli-joyli qilganmiz.

Turmush davomida ota-onamni, turmush oʼrtogʼimni va qaynota-qaynonamning duosini oldim. Shu orada juda koʼp joylarda, bogʼchalarda ishladim. Musiqa tarbiyachisi boʼlib bogʼchada ishladim. 1983 yildan 2012 yilgacha musiqa tarbiyachisi va maktabda musiqa oʼqituvchisi boʼlib ishladim. Shu paytlarda ham hech boʼlmasa, sirtqi boʼlimga oʼqishga kirishni xohlaganman, biroq xoʼjayinim koʼnmadi.

Oliy maʼlumotli kadr boʼlmagani uchun ishdan boʼshatishgan

— Turmush oʼrtogʼim oʼqishimga ruxsat bermadi, deb tushib qolmadim. Oʼzim sevgan kasbni davom ettiraverdim. Ijod bilan shugʼullanaverdim, 400tacha sheʼrlar, stsenariylar yozdim. Maktabgacha taʼlim, boshlangʼich taʼlim oʼquvchilari uchun multfilm va ertaklarni sheʼriy tarzda yozib sahnalashtirdim.

2021 yilda aprel oyigacha bir xususiy bogʼchada ishlayotgandim. Oʼrnimga oliy maʼlumotli kadrni ishga olishdi. Shundan keyin xoʼjayinimdan oʼqishga topshirish uchun ruxsat soʼradim. Nasibam qoʼshilgan boʼlsa kiraman, deb iltimos qilgandim, ular rozi boʼldi.
 

“Eng yuqori ballarni olib, 2-oʼrinda oʼqishga qabul qilindim”

— Hujjatlarimni Аndijon davlat universiteti pedagogika institutiga topshirdim. Ijodiy imtihonda eng yuqori ballni oldim. Majburiy fanlar imtihonidan ham yaxshi topshirib, umumiy 142,4 ballni qoʼlga kiritib, 2-oʼrinda oʼqishga kirdim.

Birinchi kursni ham aʼlo baholarga bitirib oldim. Bu orada “Yoshlar murabbiysi” koʼrik-tanlovining viloyat bosqichida 2-oʼrinni oldim. Nafaqaga chiqqanimdan keyin “Yorqishloq” MFYdan qaynonalar jamoatchilik kengashi raisi boʼlib ishladim. Аjrashish yoqasida turganlarni yarashtirishga oʼz hissamni qoʼshayotganimdan xursandman.

2022 yil 6 martda “Moʼʼtabar ayol” koʼkrak nishoni bilan taqdirlandim. 2019 yilda “Mening qoʼshigʼim” nomli sheʼriy toʼplamim chiqqan boʼlsa, hozir bogʼcha tarbiyachilari uchun “Bolam dedim, bolim dedim” qoʼllanmasi ustida ishlayapman.

“Magistraturada ham oʼqimoqchiman”

— Oʼqishga kirganim haqidagi xabar kelganida, shunday xursand boʼldim, tabriklarga koʼmilib ketdim.

Bakalavrdan keyin, magistraturani ham oʼqimoqchiman. 70 yoshga yetganimda magistraturani ham bitirarkanman. Oʼzimning oʼylab yurgan mavzularim bor. Аlloh nasib qilsa, oʼsha mavzularda ilmiy ish qilib, yaxshi ustozlar bilan orzularimni roʼyobga chiqaraman.


Manba: "kun.uz"
| Теги: boʼlgan, qildim”, “Oʼqishga, talaba, yoshida, Ayol, 45, 64, kirishni, yil, Orzu | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя