Главная » 2022 » Сентябрь » 16 » Maxaradze 5 yilga futboldan chetlatildi. U o‘z jamoasining yutqazishiga pul tikkan
15:22

Maxaradze 5 yilga futboldan chetlatildi. U o‘z jamoasining yutqazishiga pul tikkan


Toshkentning “Lokomotiv” klubi futbolchisi Kaxi Maxaradze futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan 5 yil muddatga  chetlatildi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etish kerakki, Maxaradzening kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etgani haqidagi xabarlar O‘zbekistondagi ayrim Ommaviy axborot vositalarining elektron pochtasiga kelib tushgan edi. Bu xabar tezda tarqaldi va futbol jamoatchiligining jiddiy eʼtirozlariga sababchi bo‘ldi.

Guruziyalik futbolchining ish bo‘yicha O‘FA tartib intizom qo‘mitasi tekshirish ishlarini olib bordi. Maʼlum bo‘lishicha, “Lokomotiv” PFK futbolchisi Kaxi Maxaradze, futbolchi Yevgeniy Kochnev, Gruziya fuqarolari G.K. va CH.M. ismli shaxslar o‘zaro til biriktirib, xitoylik Jay ismli shaxsni “Loko”ning uchrashuvlarini o‘zlari uchun qoniqarli natija bilan tugatishga ishontirgan. Natijada, Jay “Lokomotiv”ning uchrashuvlariga pul tikkan. 

Xususan, shu yilning  27 may kuni bo‘lib o‘tgan “Navbahor” – “Lokomotiv” uchrashuvida 2:0 hisobi qayd etilgan. K.Maxaradze, G.K., CH.M. va Ye.Kochnev mazkur o‘yin uchun Jay ismli shaxsdan taxminan 30 000 AQSH dollari olib, o‘zaro bo‘lishib olgan.

Shuningdek, bu shovvozlar “Lokomotiv”ning AGMK va “So‘g‘diyona” futbol klublariga qarshi uchrashuvlariga ham pul tikish masalasi muhokama qilingan bo‘lsa-da, lekin bu amalga oshmagani aniqlangan (ushbu maʼlumot OFK va “Sportradar” tashkilotlari tomonidan ham tasdiqlangan).

Bir nechta rejalari sarobga aylangan Kaxi navbatdagi “ovga” chiqadi. Futbolchi “Lokomotiv”ning “Navbahor” bilan uchrashuvda mag‘lub bo‘lishiga o‘zining hamtovog‘i Jayni ishontirgan. Ammo “temiryo‘lchilar” “ajdarlar”ga mag‘lub bo‘lmadi. Uchrashuv 0:0 hisobidagi durrang bilan yakunlangan.

Maxaradzega ishongan Jay 100 000 dollarga kuygan va u Kaxidan pullarini qaytarib berishini talab qilgan. Biroq 34 yoshli gruziyalik futbolchi pullarni qaytarishdan bosh tortgan. Bundan darg‘azab bo‘lgan Jay Maxaradzening qilmishini o‘zbek OAVlariga sizdirgan. Shu tariqa, Kaxining “biznesiga” nuqta qo‘yilgan.

O‘FA mazkur holat yuzasidan unga aloqador bo‘lgan chet el fuqarolarining shubhali harakatlari bo‘yicha maʼlumotlar tegishli xalqaro tashkilotlarga yuborgan. Shuningdek, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi kelishilgan o‘yinlarni aniqlash bo‘yicha OFK va “Sportradar” bilan muntazam ravishda hamkorlik qilib kelayotgani hamda shu kabi holatlar aniqlansa, aybdorlarga nisbatan qatʼiy choralar ko‘rilishi alohida urg‘ulagan.

Manba: "qalampir.uz"
Категория: Sport olami | | Теги: o‘z, jamoasining, yutqazishiga, yilga, chetlatildi. U, Pul, Maxaradze, futboldan, tikkan | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя