Главная » 2022 » Ноябрь » 23 » Krishtianu Ronaldu qaysi klubga o‘tadi? (maqola)
17:55

Krishtianu Ronaldu qaysi klubga o‘tadi? (maqola)


Futbol tarixidagi eng yaxshi o‘yinchilardan biri – Krishtianu Ronaldu atrofidagi so‘nggi voqeliklar Jahon chempionatiga doir holatlarni ham bir chetga surib qo‘ya oldi. Uning untervyusi, avvalboshdan, butun futbol ommasini e’tiborini tortib yirik muhokamalarga sabab bo‘ldi. Hamma uning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri gapirgani haqida, klub haqida gapira boshladi. Ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yarim milliard muxlisga ega bo‘lgan supermashhur o‘yinchi oxir-oqibat Manchesterni tark etdi. Hamma suhbatdan boshlangan vaziyat sud bilan tugaydi deb kutgan edi. Ammo, klub portugal bilan o‘zaro kelishib, “sekingina” eshikni ko‘rsatib qo‘ydi. E’tibor bersak, KriRo “Real” da direktor Florentino Perez bilan kelishmovchilik orqali ketgandi. Turinda ham Allegri bilan tortishuv bo‘ldi ammo endi “GOAT” “o‘z uyidan haydaldi”. Klub uni hurmat bilan haydadi. Bundan yomoni bo‘lishi mumkin edi. Endi nima bo‘ladi?

Xabar e’lon qilingach, Krishtianuga “sovchi qo‘yish” niyatidagilar harakatni boshlagan. Bir yonda “Chelsi”, narigi taraf PSJ yana “Nyukasl”, “Sporting”, uzoqda “Real” Madrid. Ronaldu o‘tishi mumkin bo‘lgan, shuningdek, mish-mishlardagi variantlarni ham ko ‘rib chiqamiz.

“Chelsi”

20/100

Londonliklar rahbari “Ronalduchi”. “Aristokratlar” ga yangi xo‘jayinlar kelishi bilan sobiq murabbiy Tomas Tuxel bo‘shatildi. Bunga sabab Tuxelning Ronalduning jamoaga olib kelinishiga qarshilik edi, degan xabarlar chiqdi. Endi murabbiy boshqa, Ronaldu ham “erkin”. “Chelsi” da hozir muammolar bor, lekin bu futbolchilar bilan emas, murabbiy bilan bog‘liq deb o‘ylayman. “Chelsi” markaziy hujumida Emerik Obemeyang bor. Hamma narsa bo‘lishi mumkinligini hisobga olgan holda, katta ehtimol bilan Ronaldu APLda qolishni istamasa kerak.

“Nyukasl” (“Al-Nasr”)

20/100

Ronalduga “Nyukasl” qiziqish bildirayotgani haqida mish-mishlar bor. Agar bu transfer amalga oshsa “Nyukasl”ga yaxshi bo‘ladigani – futbolkalar sotuvi bilan bog‘liq statistikalar o‘sishi bo‘lsa kerak. “Nyukasl” “boss”lari shuningdek, “Al-Nasr” jamoasining ham kattalari hisoblanadi. Ular yozda Ronniga ulkan maosh taklifi bilan chiqishgan edi. “Nyukasl”da yaqin kelajakda bo‘lishi kutilayotgan o‘zgarishlar futbolchiga qiziqish uyg‘otishi mumkinmi? Vaholanki, “Nyukasl” oxirgi paytlarda APLda yaxshi natija qayd etmoqda. Ammo, Ronalduning oxirgi bir nechta intervyularidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, portugalning o‘ziga ishonchi hali hamon yuqori va u o‘zini “past klubga” loyiq ko‘rmasa kerak. Unga yana yirik g‘alabalar kerak.

PSJ

40/100

Agar bu sodir bo‘lsa ba’zi futbol muxlislari orzulari ijobatini ko‘rsa kerak: ikki eng yaxshi futbolchi bir klubda! PSJ – hozir Ronaldu o‘tishi mumkin bo‘lgan yaqinroq variant. PSJ buni amalga oshira olsa hamma qo‘llarini yuqoriga ko‘tarib tam bersa kerak, deb o‘ylayman. Eng yaxshu futbolchilarni bir klubda jam qila olish katta natija bo‘lardi. Ronaldu, Messi, Neymar, Ramos so‘nggi 10 yillikning eng yaxshi futbolchilari. Parij klubida Ronaldu istagan hamma narsa bor. Pul, shuningdek, yana sovrinlar yutish uchun katta imkoniyatlar.

“Real” Madrid

10/100

Madrid jamoasi muxlislari Ronalduni klubga qaytarishga qarshi bo‘lmasa kerak, lekin klub buni istamasa kerak. Chunki, Ronaldusiz “Real” mavjudligi futbolchiga isbotlandi. Peresga “adashgan o‘g‘ilning qaytishi” kerak emas. Avvalroq, Benzema jarohati tufayli “qaymoqranglilar” portugal bilan 6 oylik shartnoma imzolashi mumkinligi haqidagi mish-mish tarqagandi. Ammo, hamma narsa bo‘lishi mumkin.

“Sporting”

40/100

Portugaliyaga qaytish yaxshi yurish bo‘ladi, deb o‘ylayman. Ronalduning so‘nggi ikki mavsumdagi o‘yini yomon darajada emas, ammo u allaqachon 37 yoshda. Bir necha yildan keyin jismoniy holat, o‘yinchi rad etsa ham, sezilarli darajada pasaya boshlaydi. Keyin, o‘yin o‘xshamasdan keraksiz bo‘lib futboldan ketish chiroyli emas, menimcha. Yuqori nuqtada, o‘yin sifati pasaymasdan ketish boshqacha. Portugaliya klubi ayni shu ish uchun yaxshi variant, shunday emasmi? Ronalduning onasi o‘g‘lining ertami-kechmi “Sporting”ga qaytishini katta ishonch bilan aytgan edi.

Yuqorida 5 ta variantni ko‘rib chiqdik. Krishtianuga “Napoli” hamda “Bavariya” klublari ham qiziqish bildirayotgani haqida ma’lumotlar chiqdi. Krishtianu ayni paytda erkin agent va hamma narsa bo‘lishi mumkin, shuningdek, uning butun e’tibori Jahon chempionatiga qaratilgan. Hammasi shubhasiz Qatardagi musobaqadan so‘ng aniq bo‘ladi. Qanday yo‘l tutmasin, Krishtianu Ronaldu futbol tarixidagi eng buyuk o‘yinchi bo‘lib qoladi.


Manba: "xabardor.uz"
Категория: Sport olami | | Теги: Krishtianu, Qaysi, Ronaldu, klubga, maqola, o‘tadi | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя