Главная » 2022 » Октябрь » 29 » “Kelajakka qaytib” filmidagi “Marti Makflay” bedavo kasallik bilan kurashmoqda
15:18

“Kelajakka qaytib” filmidagi “Marti Makflay” bedavo kasallik bilan kurashmoqda


Uch qismdan iborat “Kelajakka qaytib” filmlaridagi “Marti Makflay” obrazi orqali mashhurlikka erishgan va o‘zbek kino ixlosmandlari xotirasiga yosh, navqiron va harakatchan yigitcha qiyofasi bilan muhrlanib qolgan aktyor Maykl Jey Foks hozirda 61 yoshda. U uzoq yillardan buyon parkinson kasalligi bilan kurashib keladi. So‘ngi vaqtda esa kasallikning zo‘rayishidan aziyat chekmoqda. Aktyor bu haqda “People” nashriga bergan intervyusida maʼlum qildi.

Maykl Foksning qayd etishicha, unga bu tashxis bundan 20 yil muqaddam qo‘yilgan. Ammo, kasallik so‘ngi yillarga kelib o‘zini kuchliroq namoyon eta boshlagan. Aktyor uchun o‘tgan 2021 yil sinovli kelgan, u harakatlanishdagi qiyinchiliklar, o‘zini-o‘zi to‘laqonli boshqarolmasligi oqibatida qo‘l, tirsak va yelka suyaklarini sindirib olgan. Yuz terisini qattiq shikastlagan. Shuningdek, aktyor bir necha yil muqaddam o‘simtani olib tashlash bo‘yicha xavfli orqa miya operatsiyasini boshidan kechirgan kezlarini yodga olgan. Joriy yilning 24 sentabr kuni esa uning onasi Fillis Foks 92 yoshida vafot etgan. 

Maʼlum bo‘lishicha, Foks qo‘l qovushtirib o‘tirgani yo‘q. U parkinson kasalligini tadqiq etish jamg‘armasiga asos solgan. Ushbu jamg‘arma  kasallikka davo topishga va ushbu xastalik bilan yashayotgan bemorlar uchun takomillashgan davolash usullarini ishlab chiqishni taʼminlashga hissa qo‘shadi.

Foksning taʼkidlashicha, kasallik bilan kurashish vaqtida uni rafiqasi Pollan hamisha qo‘llab-quvvatlagan va u bilan yonma-yon turgan. Natijada oila aʼzolari bilan munosabatlari avvalgidanda yaxshilangan. Juftlikning Sem, Akvinna, Shayler va Esme ismli to‘rt nafar farzandi bor.
Jarohatlar Foksning nafaqat jismoniy, balki hissiy holatiga ham taʼsir qildi. U ko‘proq asabiy va qo‘rs bo‘lib qolganini tan olgan. Shuningdek, u o‘zi beixtiyor xafa qilgan insonlardan kechirim so‘ragan.

Maʼlumot o‘rnida, Maykl Jey Foks 1961 yilning 9 iyun kuni Kanadada tug‘ilgan. 15 yoshida Kanada suratga olingan “Leo va men” nomli teleserialda suratga tushgan. 18 yoshida Gollivud filmlarida suratga tushish orzusida Amerikaga yo‘l olgan. Unga ilk muvaffaqiyatni “Oilaviy rishtalar” teleseriali keltirdi. 1985 yilda “Kelajakka qaytib-1” filmi ekran yuzini ko‘radi. 1989 va 1990 yillarda filmning ikkinchi va uchinchi qismlari katta muvaffaqiyat qozonadi. 1996-2001 yillarda namoyish etilgan “Spin City” teleseriali aktyor uchun so‘ngi omadli loyihaga aylandi. Maykl Foks 2020 yilda aktyorlik faoliyatini yakunlagan. Bunga xotira sustligining zo‘rayib ketishi sabab bo‘lgan.
Parkinson kasalligi

Bu markaziy nerv sistemasining surunkali kasalligi bo‘lib, 1817 yilda Ingliz vrachi Jeyms Parkinson tomonidan nomlangan.

Parkinson kasalligida muskullar taranglashadi, harakatlari cheklanadi, bemor mayda qadam tashlab yuradi, yuz harakatsiz bo‘lib qoladi, hatto, kiyinish, tugmalarni qadashga qiynaladi. Kasallik ko‘proq qo‘l barmoqlaridan boshlanadi.

Zamonaviy tibbiyotda hali bu kasallikning davosi topilmagan, ammo mavjud muolaja usullari bemorlarning hayot sifatini sezilarli darajada yaxshilaydi va kasallikning rivojlanishini sekinlashtirishda yordam beradi.

Ko‘pincha kasallikning birinchi belgilari 55-60 yoshda paydo bo‘ladi. Biroq, ayrim hollarda kasallik 40 yoshdan oldin rivojlanishi mumkin. Kasallik hudud tanlamaydi. 100 ming aholiga 60 dan 140 kishigacha bo‘lgan oraliqda uchrab turadi, 60 yoshdan oshganlar orasida kasallik bilan og‘rigan odamlarning ulushi 1% ni tashkil qiladi, 85 yoshdan oshganlar – 2,6% dan 4% gacha hollarda ushbu kasallik bilan kasallanadi.

Manba: "qalampir.uz"
Категория: Shou-biznes habarlari | | Теги: bilan, qaytib, filmidagi, bedavo, Makflay, Kasallik, Kelajakka, Marti, kurashmoqda | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя