Главная » 2022 » Июль » 28 » Iroqda namoyishchilar parlamentga bostirib kirdi
18:21

Iroqda namoyishchilar parlamentga bostirib kirdi


Kecha, 27 iyul kuni Iroqda Inson huquqlari boʼyicha sobiq vazir Muhammad al-Sudaniyning Hukumat rahbari etib tayinlanishiga qarshi chiqqan va shialar yetakchisi Muqtada as-Sadrning tarafdori boʼlgan yuzlab odamlar Bagʼdoddagi “Yashil hudud”ga bostirib kirdi va parlament binosini egallab oldi. Bu haqda voqea joyidan “Shafaq” agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, namoyish vaqtida parlamentda bironta ham deputat boʼlmagan.

“Yashil hudud” Iroq poytaxtining alohida muhofaza qilinadigan sektori boʼlib, u yerda hukumat binolari, xalqaro aeroport va harbiy aerodrom joylashgan. Namoyishchilar parlamentga hujum qilib, Muhammad al-Sudaniy nomzodining mamlakat Bosh vaziri lavozimiga koʼrsatilishiga norozilik bildirgan. Chunki ular Sudaniyni Eronning odami deb hisoblaydi.

Hukumat rahbari vazifasini vaqtincha bajaruvchi Mustafo al-Kozimiy namoyishchilarni binoni tark etishga chaqirgan, ammo namoyishchilar uni eshitmagan va bayroqlarni koʼtarib, qoʼshiqlar kuylagan, raqs tushgan.

RBK xabariga koʼra, namoyishlardan xabar topgan Muqtada as-Sadr oʼzining Twitter sahifasida namoyishchilarga murojaat qilgan.

“Ikki rakat namoz oʼqing va uyingizga sogʼ-salomat qayting”, degan as-Sadr.

“Al Arabiya” telekanaliga koʼra, namoyishchilar parlamentdan chiqib ketgach, xavfsizlik kuchlari Bagʼdoddagi hukumat va diplomatik muassasalar joylashgan “Yashil hudud”ni toʼsib qoʼyishga kirishgan hamda u yerga qoʼshimcha kuchlar yuborilgan.

Telekanal manbasining qayd etishicha, bu Islom inqilobi posbonlari korpusining (IIPK) “Quds” boʼlinmasi qoʼmondoni Ismoil Kaaniyning Bagʼdodga kelishi bilan bogʼliq. IIPK Eronning elita harbiy-siyosiy tuzilmasi hisoblanadi va u mamlakat tashqarisidagi operatsiyalarni amalga oshirish uchun javobgardir.

Iroqdagi siyosiy inqiroz 2021 yil oktyabr oyidan beri davom etmoqda. Deyarli bir yil davomida mamlakat parlamenti Hukumat tarkibini shakllantira olmadi, chunki siyosiy partiyalarning hech biri hal qiluvchi koʼpchilik ovozga ega emas. 2022 yil iyun oyida “Sadrchilar harakati” partiyasi koʼpchilik ovoz toʼplay oldi, biroq parlamentdan chiqib, muxolifatga oʼtdi.

Manba: "qalampir.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Теги: bostirib, namoyishchilar, Iroqda, kirdi, parlamentga | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя