13:09 Farg‘onada ilk bor to‘xtab turgan yurakda jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi | |
Qayd etilishicha, murakkab jarrohlik amaliyoti Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filialida Toshkentdan kelgan malakali kardioxirurglar va farg‘onalik shifokorlar tomonidan o‘tkazilgan. “Ushbu murakkab jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun muassasada barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Germaniyada ishlab chiqarilgan ‘Shtokkert’ sun’iy qon aylantirish apparati respublikamizda sanoqli. U jarrohlik amaliyoti vaqtida bemor yuragi to‘xtatilgach, vaqtincha yurak vazifasini bajaradi”, — deydi filial direktori Bahodir Mamajonov. Jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan bemorni yurak klapanlari yaxshi ishlamasligi natijasida nafas qisishi, charchoq, ko‘krak qafasidagi og‘riqlar va yurak yetishmovchiligi bezovta qilgan. Ushbu asoratlarni bartaraf etish, bemorni sog‘lom hayotga qaytarish maqsadida viloyatda ilk bor to‘xtab turgan yurakda aorta klapini protezlash jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. Ta’kidlanishicha, hozirgi kunda bemorning ahvoli yaxshilangan, davo muolajalari davom ettirilmoqda. Eslatib o‘tamiz, yil boshidan buyon Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filialida 9 nafar bemorda aorta-koronar shuntlash operatsiyalari o‘tkazilgan. Iyun oyida yurak qon tomir jarrohlik va mikroxirurgiya bo‘limi vrachlari tomonidan to‘rt nafar bemorda korotid endarterektomiya jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli olib borilgan va ushbu bemorlarning hayoti saqlab qolingan.
Manba: "daryo.uz"
| |
|