Главная » 2022 » Октябрь » 15 » “El-Klasiko” haqida siz bilmagan 7 fakt!
13:09

“El-Klasiko” haqida siz bilmagan 7 fakt!


Ertaga, 16 oktabr kuni "Real Madrid" La Liganing 9-turi doirasida o‘z maydonida "Barselona"ni qabul qiladi. Dam olish kunlarida futbol ishqibozlari navbatdagi "El-Klasiko"ga guvoh bo‘ladi. "Real" va "Barselona" to‘qnashuvi borasida qiziqarli faktlar, statistikalar juda ham ko‘p. Biz ana shunday faktlardan yettita eng sarasini sizlarga  taqdim etmoqchimiz.

Birinchi fakt: "El-Klasiko" shunchaki ikki klub o‘rtasidagi jang emas, uning tarixi XX asrga borib taqaladi! O‘sha paytda Kataloniya separatistik fikrlashi bilan ajralib turardi, mazkur hudud bir necha bor Ispaniyadan mustaqillikka erishishga harakat qildi (bu ishni yakunlashning iloji bo‘lmadi), Madrid esa, aksincha, konservativ kuchlarning markazi hisoblangan. Qirol oilasi ham u yerda edi. Shu tariqa hokimiyat uchun sovuq urush hozirda bizga yaxshi tanish bo‘lgan ikki klub o‘rtasidagi adovatlarga boy qarama-qarshilikni taqdim etdi.

Ikkinchi fakt: Albatta, jamoalar muxlislarining bir-biriga nisbatan nafratini inobatga olgan holda aytish mumkinki, biror futbolchining "Real"dan "Barsa"ga va aksincha "Barsa"dan "Real"ga o‘tishiga juda katta norozilik bildiriladi. Biroq, tarixda 39 futbolchi bu ishni qilgan! Hozirda ularni "o‘ttiz to‘qqiz sotqin" deb atashadi, masalan, Ronaldo, Samuel Eto'O va George Xaji.

Uchinchi fakt: “Qirollik klubi” o‘n yildan ko‘proq vaqt davomida (1917 yil 1 noyabrdan 1928 yil 3 iyungacha) Kataloniya klubini mag‘lub eta olmadi! "Barselona" ketma-ket 13 marta "Klasiko"da g‘alaba qozondi va bu o‘sha vaqtdan beri eng uzoq davom etgan mag‘lubiyatsiz ceriya hisoblanadi.

To‘rtinchi fakt: 2011 yilning 16 aprelidan 2013 yilning 2 martigacha "El-Klasiko" 16 marta o‘tkazilgan! Jamoalarning deyarli barcha to‘qnash kelishi mumkin bo‘lgan turnirlarda, jumladan, La Liga, Qirol kubogi, Chempionlar Ligasi va boshqa musobaqalarda yo‘llari kesishgan. 2011 yilning o‘n oltinchi aprelidan boshlab, 3 maygacha klublar o‘zaro to‘rtta o‘yin o‘tkazishgan! 18 kunda – 4 ta "klasiko"!

Beshinchi fakt: Yana bir fenomenal seriya. 1984 yildan 2003 yilgacha, 19 yildan ko‘proq vaqt davomida "Real" "Kamp Nou"da "Barsa"ni yuta olmadi! Bunday uchrashuvlar, "ko‘k-anorranglilarning" g‘alabasi yoki durang bilan yakunlanardi. Albatta, vaqt o‘tgani sayin har ikki jamoaning o‘yin saviyasi o‘zgardi, yaqin o‘tgan yillarda "Real" afsonaviy stadionda qoqilishni to‘xtatdi.

Oltinchi fakt: Ko‘plab mashhur va prinsipial qarama-qarshiliklar hozirda shunchaki reklama, katta pul ishlash usulidir. Ishoning, "El-Klasiko" ham bundan mustasno emas. Buning yorqin tasdig‘i 2015 yildan 2018 yilgacha bo‘lgan davrda o‘yinlar sharq mamlakatlaridagi translyasiyalar (Xitoy, Yaponiya va boshqalar) uchun ertaroq o‘tkazilgan. Chunki, sharqda tomoshabinlar soni Yevropadagidan ancha ko‘proq. Yaqinda La Liga prezidenti Xaver Tebas "Real Madrid" va "Barselona" o‘rtasidagi o‘yinlarni Ispaniyadan tashqarida o‘tkazilishi mumkinligini eʼlon qildi! Tebas kelgusi yillarda o‘yinni AQSH yoki Xitoyga "ko‘chirishni" taklif qildi, bunday holat nima uchun bo‘layotganini tushunib ulgurgan bo‘lsangiz kerak.

Yettinchi fakt: 2013 yil 26 fevralda "Real" Kataloniya jamoasini 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Bu o‘yinning o‘ziga xosligi shundaki, portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronaldu "Kamp Nou"dagi qatorasiga oltinchi o‘yinda gol urdi! Bu esa ushbu qarama-qarshilik rekordi hisoblanadi.

Xullas, Madrid va Kataloniya superklublarining shiddatli to‘qnashuvi haqida soatlab bahslashish mumkin. Ertangi uchrashuv ham qiziqarli va murosasiz epizodlari bilan muxlislar yodida qolishi shubhasiz.

Manba: "qalampir.uz"
Категория: Sport olami | | Теги: haqida, bilmagan, El-Klasiko, Siz, fakt | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя