11:46 Buxorolik yigit shar’iy xotini va farzandini o‘ldirib, yoqib yubordi | |
22 yoshli yigit o‘zidan 7 yosh katta bo‘lgan ayolini xiyonatda ayblab, u va 5 yoshli farzandini o‘ldirdi. Bu haqda Jizzax viloyati IIB xabar berdi. Qayd etilishicha, joriy yilning 2-noyabr kuni Gʻallaorol tumani IIBga tumanning Zargar qishlog‘idan o‘tgan Toshkent – Termiz avtomobil yo‘li yoqasidagi qirlikda ayol va bolaning jasadi borligi haqida xabar kelib tushadi. Tergov-tezkor guruhi voqea joyida ayol va 5 yoshli bolaning yoqib yuborilgan murdasini topishgan. Qotillikda gumonlangan shaxs esa o‘z uyida qo‘lga olingan. O‘rganishlar davomida yigit 2000-yilda Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanida tug‘ilgani, 1993-yilda tug‘ilgan ayol bilan 5 yil avval tanishib, yashirincha shar’iy nikohdan o‘tgani, 2017-yilda ular o‘g‘il farzand ko‘rgani ma’lum bo‘lgan. Qayd etilishicha, shuningdek, 2022-yil kuz fasli boshida ayol yana homilador bo‘lgan, yigit Toshkentga ishlash uchun ketgan vaqtida uning otasiga qo‘ng‘iroq qilib, haqiqatni qaynotasiga aytgan. Shundan keyin yigit ayolini farzandi bilan Toshkentga chaqirgan. Ayolining qo‘lida ko‘p miqdorda pul borligini bilgan erkak uni xiyonatda ayblab, o‘zaro tortishib qolgan. Bir necha kun yashagach, Buxoroga qaytmoqchi bo‘lgan. Jizzax viloyati Gʻallaorol tumani Zargar qishlog‘idagi qirlikda tushib qolib, u yerda 2 soatga yaqin vaqt davomida gaplashib o‘tirgan. Suhbat davomida gap yana xiyonatga borib taqalgan va oqibatda janjal sodir bo‘lgan. Er xotiniga tarsaki tushirganiga javoban, ayol tosh bilan uning boshiga uradi. Gʻazablangan “erkak” xotinini bo‘g‘ib o‘ldirgan. Janjal ovozidan uyg‘onib ketgan farzandini olib ketmoqchi bo‘lganda bola onasi bilan qolishini aytgan, shundan so‘ng uni ham sumka tasmasi bilan bo‘g‘ib o‘ldirgan. Ayblanuvchi xotini va farzandining jasadini kiyimlarga qo‘shib yoqib yuborgan va Buxoroga ketgan. Hozirda holat yuzasidan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Manba: "xabardor.uz"
| |
|