11:11 “Bu olov bilan o‘ynashish”. Xitoy amerikalik qonunchilar Tayvanga borganiga keskin munosabat bildirdi | |
“Bu olov bilan o‘ynashga o‘xshash juda xavfli harakat. Olov bilan o‘ynaganlar esa bundan o‘ladi. Biz manfaatdor davlatlarni “Yagona Xitoy” siyosatiga rioya qilishga, Tayvan muammolarini to‘g‘ri hal qilishga va Pekinning ichki ishlariga aralashishni bas qilishga chaqiramiz”, dedi Xiaoming. Shuningdek, u Xitoyning birlashishiga to‘sqinlik qilmoqchi bo‘lgan harbir odam mamlakatdagi 1,4 milliarddan ortiq aholi qo‘li bilan qurilgan “buyuk po‘lat devor”ga duch kelishini qo‘shimcha qilgan. Avvalroq senator Ed Marki boshchiligidagi AQSH Kongressi delegatsiyasi orolga borgani haqida xabar bergan edik. Ular Hind-Tinch okeani mintaqasiga kengroq tashrif doirasida Tayvanga borgan. Maʼlumot uchun, AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi 2 avgust kuni kechqurun Taybeyning Sonshan aeroportiga yetib keldi va orolda bir kun ham bo‘lmay, 3 avgust kuni qaytib ketdi. Bu AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikerining 1997 yildan beri orolga qilgan ilk safari bo‘ldi. Pelosi Tayvanda orol maʼmuriyati rahbari Say Ingven bilan uchrashdi. Bu voqea AQSH va Xitoy munosabatlarini taranglashtirdi. Rasmiy Pekin Pelosi kelishidan oldin Tayvan yaqinida harbiy mashg‘ulotlar boshlagandi. Tashrifdan keyin esa orol atrofida bir qancha hududlarda mashg‘ulotlarga start berildi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi siyosatchining tashrifiga keskin norozilik bildirdi va uni qoraladi. Uning safari “Yagona Xitoy” tamoyili va uchta Xitoy-AQSh kommunikelari qoidalarini jiddiy ravishda buzishi urg‘ulandi. Pekin, shuningdek, Vashingtonni Xitoyni nazorat qilish uchun Tayvandan foydalanishni to‘xtatishga chaqirdi. Bundan tashqari, diplomatik departament mamlakat suverenitetini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishiga ishontirdi. Oq uyning fikricha, Pelosining Tayvanga tashrifi Xitoy suverenitetini buzmagan, AQSH maʼmuriyati esa “o‘zini qo‘rqitishga yo‘l qo‘ymasligiga” ishontirgan. Amerika rasmiylari mintaqada keskinlikning kuchayishiga hech qanday sabab yo‘qligini taʼkidlamoqda. Kreml Pelosining safarini mintaqadagi keskinlikni kuchaytiruvchi provokatsiya deb atadi. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov dunyoning barcha davlatlari buni qayd etayotganiga eʼtibor qaratdi va Rossiyaning Xitoy bilan birdamligini qayd etdi. Xitoy harbiylari Pelosi tashrifidan keyin shay holatga keltirildi. Armiya Tayvan atrofidagi bir nechta nuqtada harbiy mashg‘ulotlar boshladi. Xitoy-Tayvan masalasi Tayvan 1949 yilda Chan Kayshi (1887-1975) boshchiligidagi Gomindan qo‘shinlarining qoldiqlari Xitoy fuqarolar urushida mag‘lubiyatga uchragach, orolga qochib ketganidan beri o‘z maʼmuriyati tomonidan boshqariladi. O‘shandan beri Tayvan kommunistlar hokimiyatga kelishidan oldin materikda mavjud bo‘lgan sobiq Xitoy Respublikasi bayrog‘i va boshqa atributlarini saqlab qolgan. Qo‘shma Shtatlar 1979 yilda Tayvan bilan diplomatik aloqalarni uzib, ularni XXR bilan o‘rnatgan. Vashington “yagona Xitoy” siyosatini tan olish bilan birga, ayni paytda Taybey maʼmuriyati bilan aloqalarni davom ettirmoqda va orolga qurol yetkazib bermoqda. 2020 yilda AQShning avvalgi Prezidenti Donald Tramp maʼmuriyati Gonkongdagi vaziyat tufayli Pekin bilan munosabatlarning keskinlashuvi fonida Tayvan bilan aloqa va almashinuvlarni sezilarli darajada faollashtirdi, bu esa XXR rasmiylarining noroziligiga sabab bo‘ldi. AQSH Tayvanning asosiy qurol yetkazib beruvchisidir. Joriy yilning aprel oyida Davlat departamenti Patriot zenit-raketa tizimlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 95 million dollarlik shartnomani maʼqulladi.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|