11:38 Bosh prokuratura Farhod Mannopov o‘limi bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berdi | |
Qayd etilishicha, tergov davomida jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan klinika shifokorlari, anesteziolog hamda marhumning tanishlari, shuningdek, jami 15 nafar shaxs guvoh tariqasida so‘roq qilingan. Shu bilan birga, jinoyat ishi bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayinlangan xizmat tekshiruvi xulosasi olinib, jinoyat ishi hujjatlariga qo‘shilgan. Bundan tashqari, jinoyat ishi doirasida murakkab ekspertizalarni o‘tkazish jarayoni ketmoqda. Dastlab olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida 2013-yilda ushbu klinikada yana bir shaxs jarrohlik amaliyoti vaqtida vafot etgani haqida ko‘rsatma olingan. Biroq tergov davomida ushbu vaj o‘z tasdig‘ini topmagani sababli jinoyat ishi Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 4-qismi “a” bandidan 116-moddasi 3-qismiga qayta malakalangan. “Barcha zarur tergov harakatlari o‘tkazilganidan so‘ng ish bo‘yicha qonuniy to‘xtamga kelinadi”, — deyiladi xabarda. “Mitti vayn” taxallusi bilan tanilgan 27 yoshli vayner Farhod Mannopov 5-mart kuni Toshkentning Chilonzor tumanida joylashgan klinikalardan birida vafot etdi. Ijtimoiy tarmoqlarda Farhod Mannopovning o‘limiga narkozni ko‘p berib yuborish sabab bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgandi. Bosh prokuratura blogerning vafoti yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, ish doirasida shifokorlar ushlangani yoki qamoqqa olingani haqida tarqalayotgan xabarlar asossiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qilgandi.
Manba: "daryo.uz"
| |
|