Главная » 2022 » Ноябрь » 29 » Betakror Andorra: siz bilmagan qiziqarli faktlar
17:24

Betakror Andorra: siz bilmagan qiziqarli faktlar


Biz bugun sizga Yevropaning ajoyib mamlakatlaridan biri bilan yaqindan tanishish imkonini taqdim etamiz. Ushbu mamlakat haqida koʻpchilik hech qanday maʼlumotga ega emas, uning nomi Andorra knyazligidir. Balki orangizda bu kabi mitti mamlakat haqida bilishdan ne naf deya oʻylaydiganlar ham topilar. Biroq bizning fikrimizcha, inson nafaqat katta mamlakatlar, balki mitti davlatlarda ham qiziqarli hayot kechirishi mumkin. Mamlakatdagi hayot sifati uning katta yoki kichik ekanligiga bogʻliq boʻla olmaydi. Xoʻsh, ushbu betakror mamlakatdagi hayot qanday ekanligini birgalikda koʻrib chiqamizmi?

Andorra Sharqiy Pireneyaning janubiy qismida joylashgan boʻlib, Fransiya va Ispaniya orasidan oʻrin olgan.

Mamlakat maydoni atigi 460 kvadrat kilometrga teng, xolos. Bu Moskva shahridan 5 marta kichikroq degani. Ushbu mamlakatda 85000 kishi istiqomat qiladi. Ular orasida millati andorralik boʻlgan mahalliy odamlar 50 foizni tashkil qiladi. Qolganlari esa ispanlar, portugallar, fransuz va inglizlardir. Oʻlkadagi rasmiy til katalon tili. Bundan tashqari koʻplab hududlarda ispan va fransuz tillari keng qoʻllaniladi. Ayrim hududlarda portugal tilida soʻzlashuvchi insonlar ham bor. Yevropaning aksariyat mamlakatlarida boʻlgani kabi bu yerning odamlari ham ingliz tilini yaxshi biladilar. Andorra knyazligi 1278 yilda rasmiy ravishda tan olingan. Shu paytlarda Ispaniya va Fransiya uzoq yillik urushdan keyin mazkur hudud ustidan oʻzaro hukmronlik oʻrnatadilar. Ushbu holat bugungi kunga qadar davom etib kelmoqda. Bu davlatda qurolli kuchlar mavjud emas, politsiya xodimlari soni esa haddan tashqari kam. Katta xarajatlarning asosiy qismi rasmiy tadbirlarni tashkillashtirish uchun sarflanadi.

Andorraga biror mamlakat bostirib kelsa, uni kim himoya qiladi deysizmi? Albatta, Fransiya va Ispaniya. Andorraning shaxsiy aeroporti ham, vokzali ham yoʻq. Shu sababli mazkur oʻlkagacha yetib kelish uchun avval Fransiya yoki Ispaniyaga borib, u yerdan avtobus yoki mashinaga oʻtirish kerak boʻladi.
Misol uchun, Barselona aeroportidan Andorragacha avtobusda 3 soat ichida yetib kelishingiz mumkin. Mamlakatda jinoyat sodir etish koʻrsatkichlari haddan tashqari past.

Masalan 2003 yilda qamoqdagi insonlar soni atigi 61 kishini tashkil etgan. Bu butun boshli davlat darajasidagi koʻrsatkich. Agar ularning qamoq muddati 3 oydan oshib ketsa jinoyatchilarni Fransiya yoki Ispaniyaga joʻnatib yuboradilar.

Mamlakatdagi oʻrtacha oylik maoshi 1700 yevroni tashkil qiladi. Bugungi kunda Andorra iqtisodiyotining asosiy qismini turizm sohasi tashkil qiladi, u YaIM ning 80 foiziga ham tengdir. Andorraga har yili 10 million nafar sayyoh tashrif buyurardi. Bir zamonlar togʻli qishloq hududlaridan iborat boʻlgan mamlakatning qanday qilib bugungi kunda kuchli turistik markazga aylanib qolganini tasavvur qilish juda qiyin, albatta.

Iqtisodiyotning ikkinchi muhim tarmogʻi – bank sektoridir. Andorra bank omonatlari sirini hech kimga ochmaydigan oʻlka nomini ishonch bilan saqlab keladi. Bundan tashqari, Andorradagi soliqlar Yevropadagi eng kam koʻrsatkichlardan biriga teng. Bu yerni “Soliqlarsiz jannat” deya atash ham mumkin. Andorra Yevropa ittifoqi tarkibiga kirmaydi, ammo savdo-sotiq va yana boshqa bir qator sohalar boʻyicha u bilan kelishuvlarni amalga oshirishga erishgan.
Mamlakat oʻzining ajoyib shoping imkoniyatlari bilan ham dong taratgan. Bu yerdagi narxlar qoʻshni mamlakatlardan 15-20 foizga arzonroqdir. Mamlakatdagi soliqlarning kam ekanligi ham bunga taʼsir qiladi, albatta. Andorraga sayyohlar bilan bir qatorda ispanlar, fransuzlarning oʻzlari ham har dam olish kunlari xarid qilish, yeguliklar va ichimliklar sotib olish uchun tashrif buyurishadi.

Sayyohlarni ushbu mitti mamlakatga tortib turgan narsa nima ekanligini bilasizmi? Sayyohlarning asosiy oqimi togʻ changʻi kurortlariga tashrif buyurishadi. Bu yerda 6 ta yirik va asosiy qishloq joylashgan boʻlib, ularning barchasi togʻ changʻi sohasiga moslashtirilgan. Oʻlkada balandligi 1000 metrgacha boʻlgan ajoyib changʻi trassalarining soni 128 taga yetadi.

Kerakli vositalarning istalgan turini xarid qilish imkoni bor, xavfsizlik esa oliy darajada. Bu yerda favqulodda holatlar uchun vertolyotlar xizmat qiladi.
 

Koʻplab mehmonxonalar ajoyib infratuzilma va betakror xizmat koʻrsatish imkoniyatlariga ega. Oʻlkada 200 ga yaqin mehmonxonalar mavjud. Andorrani qishki sport turlarining ishqibozlari uchun haqiqiy jannat deya taʼriflasa boʻladi.

Mamlakat poytaxti Andorra-la-velya shahri. U pastqam choʻqqilar orasidagi yashirin shahar hisoblanadi. Togʻli hududdan oʻrin olgan ushbu shaharni piyodakezib chiqish mumkin. Aslida shahar bitta markaziy koʻcha va bir nechta mayda koʻchalardan iborat. Eski “bare antikuye” kvartalidan esa qadimiy va diqqatga sazovor maskanlar oʻrin olgan. Eng yaxshi doʻkonlarni esa “Mirecheli Sharleman” avenyusidan topasiz.

Togʻli landshaftlardagi barcha uylar ushbu manzara bilan qorishib ketgan. Shu sababli bu yerdagi koʻchalar Yevropa uslubida, tor va notekisdir.

Andorrada yoz payti ham zerikmasligingiz aniq. Bu yerda togʻlar boʻylab velosiped uchishingiz, ot minishingiz, alpinizm, baliq tutish va ov bilan shugʻullanishingiz mumkin. Tabiatning qanchalar goʻzal ekanligini soʻz bilan taʼriflab boʻlmaydi. Togʻli hududlarning chiroyidan soatlab bahramand boʻlish mumkin.

Sharsharalar, daryolar va toza suvli irmoqlarni aytmaysizmi... Andorradagi yoʻllarda piyoda yoʻlovchilarni behad hurmat qilishadi. Shu sababli mashina haydovchilari birinchi navbatda ularga yoʻl beradilar. Oʻlkadagi yoʻl tarmogʻining umumiy uzunligi 279 kilometrga teng. Uning aksariyat qismi tonnellardan tashkil topgan. Aslida togʻli hududlar uchun tonnellar suv va havo kabi zarur.
 

Bu yerdagi sport bilan birga tungi hayot tarzi ham turistlarni oʻziga jalb qiladi. Oʻlkadagi barlar, pab va restoranlarning son-sanogʻi yoʻq. Ushbu maskanlarda esa dunyoning turli oshxonalariga mansub boʻlgan ajoyib taomlarni tatib koʻrasiz.

Andorradagi gastronomik anʼanalar Ispaniya va Fransiyaga bevosita bogʻliqdir. Oʻlkaga tashrif buyurgan har bir inson mahalliy “izkudeli” shoʻrvasidan va “xamon” yeguligidan totib koʻrishi shart deyishadi. Ushbu yegulik pishloqdan tayyorlangan boʻlib, tansiq taomlarning biri hamdir. Mazkur yegulikni istalgan doʻkondan topishingiz mumkin.

Mahalliy odamlar juda ham kirishimli, mehmondoʻst va xushchaqchaqdirlar. Ular kelgan sayyohlarni xursandchilik bilan kutib olishadi. Maktablar oʻquvchilarga katalon, fransuz va ispan tillarida taʼlim beradi. Bolalarning 50 foizi esa fransuz maktablarida tahsil oladi. Mamlakatda atigi bittagina universitet mavjud. Unda 500 nafar talaba oʻqish bilan band. Ispaniya, Fransiya yoki Yevropa ittifoqining boshqa biror mamlakatidagi universitetga oʻqishga kira olgan talabaning barcha xarajatlari hukumat tomonidan toʻlab beriladi. Andorra fuqarosiga aylanish haddan tashqari qiyin va uzoq davom etadigan jarayon.
 

Buning uchun mamlakatda 20 yil yashash kerak. Qolaversa davlat pasportini olmoqchi boʻlgan odamdan oʻzining eski fuqaroligidan voz kechish talab etiladi.

Andorra ikki mamlakat fuqaroligini tan olmaydi. Qizigʻi, mamlakat ichidagi pochta xizmatlari mutlaqo bepul. Bu yerning ekologiyasi maqtashga arzigulik darajada, kran suvi buloq suviday toza boʻlib, basseyn suvlarini xlorlashga hojat yoʻq. Bir soʻz bilan aytganda mahalliy odamlar uchun tinch va farovon turmush tarzi toʻliq taʼminlangan. Sayyohlarning bir guruhi ketadigan boʻlsa, oʻrniga ikkinchisi tashrif buyuradi.

Oʻlkadagi oʻrtacha hayot davomiyligi 84 yilga teng. Aytishlariga qaraganda, bu Yaponiyadan ham kattaroq natija ekan.

Mamlakatda tibbiy xizmatlar mutlaqo bepul amalga oshiriladi. Faqatgina protezlash va kosmetik operatsiyalar bundan mustasnodir.
Bir zamonlar barcha uchun yopiq boʻlgan Andorra knyazligi bugungi kunda turizm ortidan gullab-yashnab bormoqda. Nima deb oʻylaysiz, Xitoy, Hindiston yoki Rossiya kabi katta mamlakatlarda yashash qulaymi yoki Andorra kabi mittigina mamlakatda umr kechirgan yaxshimi? Sizga imkon berilsa bularning qay birini tanlagan boʻlardingiz?


Manba: "xabardor.uz"
Категория: Qiziqarli | | Теги: betakror, faktlar, Andorra, Siz, bilmagan, qiziqarli | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя