Главная » 2018 » Август » 14 » 2018-2019 o‘quv yili uchun test sinovlari yakunlandi. Uning sarhisobi bilan tanishing
20:06

2018-2019 o‘quv yili uchun test sinovlari yakunlandi. Uning sarhisobi bilan tanishing


Kecha, 13 avgust kuni holatiga ko‘ra kunduzgi, maxsus sirtqi va kechki ta’lim shakllari bo‘yicha bakalavriatga kirish test sinovlari respublikaning 60 ta oliy ta’lim muassasalari va ularning 19 ta filiallarida muvaffaqiyatli yakunlandi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, test sinovlarini adolatli va shaffof o‘tishini ta’minlash maqsadida ilk marotaba:

birinchidan, shaxsni identifikatsiyalash qurilmalari hamda kuzatuv kameralari yordamida katta sig‘imli 57 ta binolarda 2 smenada o‘tkazildi;

 

ikkinchidan, test sinovlari UzdigitalTV va mahalliy telekanallar orqali hamda test2018.uz internet saytida onlayn ko‘rinishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritildi;

 

uchinchidan, abiturientlarning ota-onalari uchun salqin joylarda joylar tashkil qilingan holda test sinovlari o‘tadigan hududda katta hajmli monitorlar yordamida test jarayonlari onlayn ko‘rinishda yoritib borildi.


Bundan tashqari, Ichki ishlar tizimidan 4 963 ta shaxsiy tarkib xodimlari, 1 206 ta aloqa vositalari, 694 ta metallodetektorlar, 289 ta transport vositalari test sinovlari jarayoni xavfsiz o‘tishiga jalb qilindi.

Kunduzgi, maxsus sirtqi hamda kechki ta’lim shakli uchun oliy ta’lim muassasalariga abiturientlar tomonidan 679 979 ta (2017 yilda – 729 947) arizalar tushdi, tanlov bir o‘ringa o‘rtacha 8,2 nafarni (11,0) tashkil etdi.

Test sinovlarida ishtirok etuvchi abiturientlar soni 622 030 nafarni tashkil etadi. Shuning bilan birga alohida iqtidor talab qilinadigan ta’lim yo‘nalishlariga 55 812 nafar hujjat topshirgan va imtiyozga ega bo‘lgan abiturientlar soni 2 137 nafargaa teng bo‘lgaan.

Test sinovlarida qatnashganlar soni 604 677 nafarni tashkil etdi. Test sinovlarida 17 353 nafar abiturient qatnashmadi, jumladan 14 957 nafari kelmadi, 1 340 nafari hududga kirishda hamda 1 056 nafari test jarayoni paytida qoidabuzarlik sodir etganligi uchun testdan chetlashtirildi.

Ma’lumot uchun: Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasining oliy ta’lim muassasalarida test sinovlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada tashkil qilish maqsadida joriy yil 14-22 may kunlari o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazilganligi sababli ushbu hududlarda test jarayoni paytida chetlashtirishlar soni nisbatan kam bo‘ldi.

Test sinovlari materiallari Davlat feld’egerlik xizmati, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi, Ichki ishlar vazirligi va boshqa vakolatli organlar tomonidan, ularning maxfiyligi va daxlsizligi ta’minlanib, har kuni belgilangan muddatlarda respublikaning barcha hududlariga yetkazildi.

Test sinovlarini o‘tkazishga ta’lim muassasalaridan test sinovlari o‘tkazish tartib-qoidalari va texnologiyasi bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan 5 285 nafar guruh nazoratchilari jalb qilindi.

Test sinovlari o‘tkazilgan 57 ta binoda yong‘in va xavfsizlik choralari ko‘rildi. Barcha binolarda tibbiyot xodimlarining navbatchiligi hamda test sinovlari o‘tadigan hududlarda tez yordam mashinalari tashkil etildi.

O‘tkazilgan test sinovlari natijalari kunning ertasiga Davlat test markazining dtm.uz saytida e’lon qilindi.

2018-2019 o‘quv yiliga kirish test sinovlari natijalari quyidagicha:

Ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha eng yuqori o‘tish bali:

davlat granti bo‘yicha: 223,5 ball, “Yurisprudensiya” (rus) ta’lim yo‘nalishi;

to‘lov-kontrakt bo‘yicha: 176,7 ball, “Yurisprudensiya” (o‘zbek) ta’lim yo‘nalishi.

Oliy ta’lim muassasalari bo‘yicha eng yuqori o‘tish bali:

davlat granti bo‘yicha: 223,5 ball, Toshkent davlat yuridik universiteti;

to‘lov-kontrakt bo‘yicha: 176,7 ball, Toshkent davlat yuridik universiteti.

Respublika bo‘yicha o‘rtacha o‘tish bali:

davlat granti bo‘yicha: 123,0 ball;

to‘lov-kontrakt bo‘yicha: 101,9 ball.

Respublika oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarida qo‘llanilgan bu yilgi tizim keyingi yillarda ham har tomonlama bilimli, iqtidorli yoshlarni oliy ta’lim muassasalariga kirib ta’lim olishlarida takomillashtirilgan holda joriy etiladi.

Sunnatilla Abdullaev


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: sarhisobi, DTM, test sinovlari, yakunlandi, tanishing, bilan, uning, uchun, 2018-2019 o‘quv yili, test | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя